Ish joyida sizga tazyiq o‘tkazayotgan yoki shilqimlik qilayotgan shaxs bir vaqtning o‘zida rahbingiz ham bo‘lsa, nima qilish kerak? O‘zbekistonda bunday holatlar uchun murojaat qilish va ko‘rib chiqishning alohida mexanizmi joriy etilmoqda.
21-sentabr kuni O‘zbekiston Prezidenti ish joyida tazyiq, zo‘ravonlik va shilqimlik holatlarini aniqlash hamda ko‘rib chiqish tartibini belgilovchi PQ-345-sonli qarorni imzoladi.
2026-yil 1-dekabrgacha “Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhiti” axborot portali ishga tushiriladi. U orqali tazyiq va zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha murojaatlar onlayn qabul qilinadi, murojaatlarni ko‘rib chiqish, dalillarni yig‘ish, xulosa tayyorlash va tekshiruv natijalarini nazorat qilish jarayonlari raqamlashtiriladi.
Shikoyat bevosita rahbar ustidan tushgan holat alohida nazarda tutilgan. Bunday holatda masala yuqori turuvchi instansiyaga avtomatik yo‘naltiriladi. Qaror murojaat qilgan xodimning shaxsiy ma’lumotlari himoya qilinishini ko‘zda tutadi.
Qaror materiallarida xodim o‘z huquqlarini himoya qilgani uchun uning ish sharoitlarini yomonlashtirish yoki jazolashga yo‘l qo‘yilmasligi alohida ta’kidlangan.
Hozircha ushbu mexanizm davlat organlari hamda davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan tashkilotlarga tatbiq etiladi. Nodavlat tashkilotlar uchun esa tizimdan dmi.mehnat.uz orqali foydalanish imkoniyati ixtiyoriy asosda taqdim etiladi.
Avvalroq biz nima uchun odamlar ish joyidagi tazyiq va zo‘ravonlik haqida gapirmasliklari, shaxsiy chegaralarning buzilishi qanday qilib “odatiy” ish madaniyatining bir qismiga aylanib qolishi hamda shunday vaziyatga duch kelsangiz nima qilish kerakligi haqida yozgan edik.
Yuqoridagi qaror bilan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Adliya vazirligiga ikki oy muddatda O‘zbekiston tomonidan Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) mehnat sohasida zo‘ravonlik va shilqimlik to‘g‘risidagi 190-sonli Konvensiyasini ratifikatsiya qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash topshirildi.
Yangi mexanizm 1-dekabrgacha ishga tushishi kerak. Tizim ishga tushirilgach, uning amaliyotda qanday ishlashini va ish joyida zo‘ravonlik yoki shilqimlikka duch kelayotganlar uchun qanchalik qulay hamda foydalanishga oson bo‘lishini kuzatish muhim bo‘ladi.
Angalisheva R.