⚠️Ogohlantirish: Ushbu materialda zo’ravonlik va zo’ravonlik keltirib chiqargan o’z joniga qasd qilish harakatlarining tavsiflari mavjud.
2026-yil 6-maydan 7-mayga o‘tar kechasi Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida yashovchi 25 yoshli F. ismli ayol qorin bo‘shlig‘ining sanchilgan-kesilgan jarohati bilan shifoxonaga yotqizildi. Uning yaqinlari bergan ma’lumotga ko‘ra, turmush o‘rtog‘i — Oqdaryo tumani IIB Probatsiya bo‘limi inspektori, Ichki ishlar organlari leytenanti Olimov Behzod Sobirjonovich o‘sha kecha uni kaltaklagan, so‘ngra qo‘liga oshxona pichog‘ini tutqazib: «O‘zingni o‘ldir», — degan. Ayol qorniga pichoq urib, ko‘p qon yo‘qotgan va reanimatsiyaga hushsiz holda olib kelingan. Bosh prokuratura Oqdaryo tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
Olimov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 242-moddasiga asosan darhol qamoqqa olinishi kerak edi, biroq bu amalga oshmadi. F.ning qarindoshlariga ko‘ra, 8-may kuni u shifoxonaga kelib, ariza qaytarib olinmasa, ayolni o‘ldirishi bilan tahdid qilgan. Shundan so‘ng jabrlanuvchining otasi Oqdaryo tumani IIB boshlig‘iga qo‘ng‘iroq qilgan va shundan keyin Olimov boshqa ko‘rinish bermagan. 14-may holatiga ko‘ra, Olimov hali ham ozodlikda, biroq u IIBdan ishdan bo‘shatilgan.
Afsuski, bu uning zo‘ravonlik qilishining ilk holati emas. Va ayolning o‘zini tajovuzkor, huquqni muhofaza qilish organlari xodimidan ko‘ra zaifroq his qilishi ilk holati ham emas.
2025-yil 4-yanvar kuni Behzod Olimov uyda xotinining yuziga urgan, uni haqorat qilgan va tishlagan. Sudga oid tibbiy ekspertizasi tan jarohatlarini tasdiqlagan. Oila Samarqand viloyati IIB va prokuraturaga ariza bilan murojaat qilgan. Sud qaroriga ko‘ra, o‘sha vaqtda Olimov Samarqand viloyati IIB Moliya va moddiy-texnika ta’minoti boshqarmasi qo‘riqlash guruhida ishlagan. Jabrlanuvchining arizasidan so‘ng, IIB xizmat tekshiruvi o‘tkazgan va Olimovga intizomiy jazo — hayfsan berilgan. 2025-yil mart oyida ushbu ish prokuratura tomonidan sudga yo‘llanganligi sababligina ko‘rib chiqilgan.
Sud quyidagilarni aniqladi: Olimov «[xotinining] yuziga kafti bilan urgan, uyatli so‘zlar bilan haqorat qilgan», «qasddan sog‘lig‘iga yengil shikast yetkazgan» va «oilaviy zo‘ravonlik» sodir etgan. Shu bilan birga, sud F.X.ning o‘ziga nisbatan ham ishni ko‘rib chiqdi, chunki eri unga qarshi ariza bergan edi: erining so‘zlariga ko‘ra, xotini uni xiyonatda gumon qilib, haqoratlagan va «qasddan sochlarini yulgan». F.X. sudga tushuntirish berishicha, eri uni muntazam ravishda urib kelgan, o‘sha oqshom esa u o‘zini himoya qilgan va uning harakatlari hujumga javob bo‘lgan. Tomonlarni tinglagach, sud ayol ham eriga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik sodir etgan deb topdi.
Sud Olimovga nisbatan ishni O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 16-moddasiga asosan tugatdi. Ushbu moddada «ichki ishlar organlarining oddiy askarlar va boshliqlar tarkibiga mansub shaxslar <…> ma’muriy huquqbuzarlik uchun intizom ustavlariga muvofiq javobgar bo‘lishi» belgilangan. Olimovga xotinini kaltaklagani uchun allaqachon intizomiy hayfsan berilgan edi. Agar Olimov ichki ishlar organi xodimi bo‘lmaganida, uni 15 sutkaga qamashlari mumkin bo‘lardi…
Sud shuningdek, jabrlanuvchini oiladagi zo‘ravonlikda aybdor deb topdi, ammo quyidagi sabablarga ko‘ra ogohlantirish bilan uni javobgarlikdan ozod qildi::
- Uning bir yarim yoshdagi bolasi bor va u oilasida yagona boquvchi. Bu g‘alati jumla, ayolning ishlaydigan eri bor. U boquvchi sifatidagi majburiyatlarini bajarishdan bosh tortganmi? U bolani boqishdan bosh tortdimi va hammasini bolaning onasiga yukladimi? Bu huquqni muhofaza qilish organi xodimi uchun juda «ta’sirli», ammo aftidan, bunga hech kim e’tibor bermadi.
- «ushbu huquqbuzarlik turmush o‘rtog‘ining xatti-harakatlari oqibatida sodir etilganligi». Boshqacha qilib aytganda, sudning o‘zi uning xatti-harakatlari erining xatti-harakatlariga munosabat ekanligini tan oldi. Ammo sud oiladagi zo‘ravonlikdagi kuchlar nomutanosibligini hisobga olish o‘rniga, ayolni gam aybdor deb topdi..
Shunday qilib, sudlov tizimi hujum qilgan shaxsni hujumga javob bergan shaxs bilan tenglashtirdi. Bu voqeaning eng dahshatli jihati shundaki, jabrlanuvchi jinoyatchiga aylandi va asosiy tajovuzkor jiddiy jazo olmadi (intizomiy chora uni oddiy odamga beriladigan jazodan himoya qildi). Va bularning barchasi qonun bo‘yicha amalga oshirildi.
Ehtimol, aynan shu jazosizlik hissi Olimovga erkinlik bergan va ayol mo‘’jiza tufayligina omon qolgan fojiaga olib kelgandir. «Pogonlar hammasini yashirishiga» ishongan erkak kasalxonada bo‘lgan xotiniga bosim o‘tkazishda davom etdi va undan arizasini qaytarib olishni talab qildi. Va tizim Olimovni himoya qilishda davom etmoqda – axir, qonun boshqacha talab qilganiga qaramay, u hali ham ozodlikda qolmoqda:
- Tahririyat ma’lumotlariga ko’ra, Olimov Behzodga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 103-moddasi – “O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish” bo’yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Mazkur moddaning birinchi qismida 3-7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, boshqa qismlarida esa og‘irroq jazo nazarda tutilgan.
- Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 242-moddasida qamoqqa olish uch yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutilgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar boʻyicha ehtiyot chorasi sifatida qoʻllanilishi belgilangan. Bunga Jinoyat kodeksining 103-moddasi ham qoʻllaniladi, ammo negadir prokuratura Olimovni hibsga olmadi.
Tahririyat Olimov hibsga olinganmi yoki yo‘qmi, agar hibsga olinmagan bo‘lsa, bunga nima asos ekanligini aniqlash uchun Bosh prokuratura matbuot kotibi Xayot Shamsutdinovga so‘rov yubordi. Afsuski, hech kim bizning savollarimizga javob bermadi; ehtimol ular prokuratura uchun juda noqulay bo‘lgan. Agar erkak ushbu material nashr etilgandan keyin eski sana bilan hibsga olinsa, biz ajablanmaymiz.
Irina Matviyenko