Photo
O‘zbekistonda xodimlarni ish joyidagi tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha choralarni joriy etish davom etmoqda. ⠀
Avvalroq tegishli profilaktika tizimini yaratishni nazarda tutuvchi Prezidentning PQ-345-sonli qarori haqida yozgan (https://t.me/SukutSaqlama/5358) edik hamda ushbu tizimga oid asosiy savollarni tahlil qilgan edik. Bugun uning davlat organlari va tashkilotlarida ishlash tartibi haqida so‘z yuritamiz. ⠀
Yangi qoidalar nafaqat shikoyat berish tartibi, balki ish joyida tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish choralarini ham tartibga soladi. Xususan, ular ish muhitiga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi, rahbarlarning majburiyatlarini ko‘rsatib beradi, xatarlarni baholash, xodimlarni majburiy o‘qitish va yagona axborot portalini yaratishni nazarda tutadi. ⠀ Yangi qoidalar davlat organlari va tashkilotlariga, ustav kapitalida davlat ulushi kamida 50 foizni tashkil etadigan kompaniyalarga, shuningdek, ular bilan bog‘liq bo‘lgan ayrim tashkilotlarga nisbatan tatbiq etiladi. ⠀
Shu bilan birga, «ish muhiti» tushunchasi faqat ofis bilan cheklanmaydi. Qoidalar masofaviy ish, hızmat safarlari, o‘quv mashg‘ulotlari, majlis va konferensiyalar vaqtida, shuningdek, mehnat vazifalarini onlayn tarzda bajarish jarayonida ham amal qiladi. ⠀
Ular ishga borish va qaytish yo‘lini, shu jumladan xizmat yoki birgalikda foydalaniladigan transportdagi qatnovlarni hamda bevosita mehnat faoliyati bilan bog‘liq boshqa vaziyatlarni ham qamrab oladi. ⠀
Nizomga ko‘ra, ish joyidagi tazyiq va zo‘ravonlik deganda jismoniy, ruhiy, jinsiy yoki iqtisodiy zarar yetkazadigan yoki yetkazishi mumkin bo‘lgan harakatlar tushuniladi. Ishda dushmanona, kamsituvchi yoki haqoratli muhitni keltirib chiqaradigan xulq-atvor ham shular jumlasidandir. ⠀
Hujjatda bunday qoidabuzarliklar sirasiga shilqimlik, jinsiy va jismoniy zo‘ravonlik, ruhiy tazyiq, kamsitish, xızmat mavqeyini yoki boshqa shaxsning qaram holatini suiiste’mol qilish, shuningdek, ta’qib qilish kabilar kiritilgan. ⠀
Shu bilan birga, mehnat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq qonuniy boshqaruv qarorlari va talablari o‘z-o‘zidan tazyiq yoki zo‘ravonlik deb hisoblanmaydi. ⠀
Tashkilotlar nafaqat sodir bo‘lgan holatlarga munosabat bildirishi, balki ularning oldini olishi ham shart. Buning uchun ichki hujjatlarni qabul qilish, murojaatlar bilan ishlashni tashkil etish, zarur hollarda vaqtinchalik himoya choralarini ko‘rish, ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash, xodimlarni o‘qitish va takrorlanuvchi holatlarni tahlil qilib borish talab etiladi. ⠀
Rahbarlar xavfsiz hamda hurmatga asoslangan ish muhitini yaratish va murojaatlar bilan ishlashni tashkil etish uchun javobgardirlar. Mas’ul xodimni tayinlash, vaqtinchalik himoya choralarini ko‘rish va tekshiruv ishtirokchilariga bosim o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik ularning majburiyatlariga kiradi. ⠀
Shuningdek, ular tazyiq va zo‘ravonlik haqida kelib tushgan xabarlarni yashirmasliklari hamda e’tiborsiz qoldirmasliklari kerak. ⠀
Umumiy o‘quv kurslaridan lavozimidan qat’i nazar barcha xodimlar o‘tishlari shart. Rahbarlar va boshqa mansabdor shaxslar uchun alohida ta’lim, murojaatlarni bevosita qabul qiladigan va ko‘rib chiqadigan xodimlar uchun esa maxsus kurs ko‘zda tutilgan. ⠀
Umumiy kurslarda xodimlarga tazyiq va zo‘ravonlik, shahvoniy shilqimlik, ruhiy tazyiq, kamsitish, mansab mavqeyini suiiste’mol qilish hamda ta’qib qilish deb nimalar hisoblanishi tushuntiriladi. Shuningdek, ularga yordam so‘rab qayerga murojaat qilish kerakligi, qanday himoya choralari nazarda tutilgani hamda ariza beruvchilar, jabrlanuvchilar va guvohlarga bosim o‘tkazishga nega yo‘l qo‘yilmasligi o‘rgatiladi. ⠀
Rahbarlar uchun mo‘ljallangan dasturga ish muhiti uchun shaxsiy javobgarlik, zo‘ravonlik va tazyiqning oldini olish, xatarlarni baholash hamda murojaatlar bilan ishlash masalalari kiradi. Qoidabuzarliklar haqidagi xabarlarni yashirmaslik va tekshiruv ishtirokchilariga tazyiq o‘tkazmaslik majburiyatlari alohida ko‘rib chiqiladi. ⠀
Angalisheva R.