Hayz ko‘rish oyida taxminan bir marta sodir bo‘ladi, lekin bundan ish kuni to‘xtab qolmaydi. Ayrim ayollar uchun bu kunlar deyarli ko‘zga tashlanmay o‘tsa, boshqalar uchun u kuchli og‘riq, holsizlik yoki ko‘p qon yo‘qotish bilan kechadi. Shunda oddiy bir savol tug‘iladi: ish joyi bunga qanchalik moslashgan?
Ishda hayz ko‘rish haqidagi gaplar ko‘pincha bitta masalaga taqaladi: maxsus ta’til kerakmi-yo‘qmi? Ammo muammo bundan ancha kengroq. Ayol kishi o‘ziga kerak bo‘lgan vaqtda hojatxonadan bemalol foydalana oladimi? U yerda suv va sovun bormi, gigiyena vositasini almashtirish imkoniyati mavjudmi? Agar og‘riq sababli ishlash haqiqatan ham qiyin bo‘lsa, qisqa tanaffus qilish mumkinmi?
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hayz salomatligini jismoniy, ruhiy va ijtimoiy farovonlikning bir qismi deb ta’riflaydi. Bu gigiyena vositalari, suv va tibbiy yordamdan foydalana olishni, shuningdek, kamsitishlarsiz odatiy hayotda ishtirok etish imkoniyatini o‘z ichiga oladi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, ayollar va qizlarning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i hayz paytida og‘riqni boshdan kechiradi, dunyo bo‘yicha qariyb 500 million ayol-qiz esa hayz salomatligi uchun zarur bo‘lgan narsalar — gigiyena vositalaridan tortib suv va sanitariya sharoitlarigacha bo‘lgan imkoniyatlardan mahrum.
Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) ish joyidagi gigiyena bo‘yicha o‘zining amaliy qo‘llanmasida odatiy qiyinchiliklarni sanab o‘tadi: kir yoki noqulay hojatxonalar, shaxsiy daxlsizlikning yo‘qligi, ishlatilgan vositalarni xavfsiz ravishda tashlab yuborish imkonining yo‘qligi, gigiyena materiallari va hojatxonadan aynan kerakli vaqtda foydalanishning cheklangani. Shuningdek, ayollarga bu masalalar bo‘yicha rahbar bilan gaplashish noqulay bo‘lishi alohida ta’kidlanadi.
O‘zbekistonda mehnatni muhofaza qilish qonun bilan mustahkamlangan bo‘lib, unda sanitariya-gigiyena sharoitlari ish joyidagi majburiy talablar sirasiga kiradi, ularni ta’minlash esa korxona administratsiyasi zimmasiga yuklatiladi. Xodimalar uchun bu, xususan, sanitariya sharoitlaridan foydalanish imkoniyati va zarur bo‘lganda ulardan foydalana olishni anglatadi.
2022–2023-yillarda USAID Johns Hopkins Center for Communication Programs bilan birgalikda Keniya va Nepalda asosan ayollar mehnat qiladigan to‘rtta korxonada — to‘qimachilik, tikuvchilik va gilam to‘qish fabrikalarida pilot loyihasini o‘tkazdi. Ish joylarida gigiyena vositalaridan foydalanish imkoniyatlari kengaytirildi va sanitariya sharoitlari yaxshilandi, xodimalar hamda menejmentga sikl va salomatlik masalalari bo‘yicha treninglar o‘tkazildi. Loyiha yakunlariga ko‘ra, ayollar ushbu davrda ishda o‘zlarini yanada ishonchli his qila boshladilar. Nepalda loyiha natijalari davlat siyosatiga ham ta’sir ko‘rsatdi: hukumat ish joyini maktab va uy bilan bir qatorda hayz salomatligi uchun uchinchi asosiy muhit deb tan oldi.
JSST hayz salomatligi ushbu tabiiy jarayon uyat sababchisiga aylanmaydigan sharoitlarda yashash, o‘qish va ishlash imkoniyati bilan bog‘liq ekanini ta’kidlaydi.
Shuning uchun ishda ayollar salomatligi haqida gap ketganda faqat ta’til haqida bormaydi. Bu shuningdek hojatxona, suv va sovundan foydalana olish, gigiyena vositasini almashtirish va xavfsiz tarzda tashlab yuborish, o‘zini yomon his qilganda tanaffus qilish hamda ushbu ehtiyojlar haqida ularni yashirmasdan gapira olish imkoniyatidir.
R. Angalisheva tayyorladi