Deyarli har qanday ishda kiyim va tashqi ko‘rinishga qo‘yiladigan talablar mavjud. Ular xavfsizlik, sog‘likni saqlash yoki gigiyena qoidalariga rioya qilish uchun zarur bo‘lishi mumkin. Masalan, qurilishda kaska boshni himoya qiladi, xalat kasalxonada sanitariya talablariga rioya qilishga yordam beradi, maxsus forma esa xodimni ishlab chiqarish xavflaridan asraydi.
Biroq ba’zida tashqi ko‘rinishga qo‘yiladigan talablar ish vazifalariga bog‘liq bo‘lmay qoladi va ayol qanday bo‘lishi kerakligiga taalluqli bo‘la boshlaydi: yosh, «yoqimli», poshnada va pardoz qilingan. Aynan shu paytda tashqi ko‘rinishga qo‘yiladigan talab diskriminatsiyaga aylanadi.
Jahon bankining tadqiqoti O‘zbekistonda bu qanchalik keng tarqalganini ko‘rsatdi. Kotiba lavozimi bo‘yicha tahlil qilingan e’lonlarning taxminan 68 foizi jinsga, 72 foizi yoshga va 22 foizi tashqi ko‘rinishga talablarni o‘z ichiga olgan. Xuddi shu tadqiqotda ish beruvchilarga faqat ismi bilan farq qiladigan bir xil rezyumelar yuborilgan.
Bunda O‘zbekiston Mehnat kodeksi mehnat sohasida kamsitishni taqiqlaydi. Unda xodimlarning ishchanlik xususiyatlari va mehnat natijalariga bog‘liq bo‘lmagan har qanday to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklovlar yoxud afzalliklar jins, yosh va boshqa holatlarga qarab kamsitish deb ataladi. «Yoqimli tashqi ko‘rinish» ishchanlik xususiyatlariga kirmaydi.
Ba’zida talablar ishga qabul qilingandayoq boshlanadi: ofis, do‘kon yoki mehmonxonadagi ayollarga poshnali poyabzal kiyish, albatta bo‘yanish yoki ma’lum uzunlikdagi yubka kiyish buyuriladi. Shu kompaniyadagi erkaklarga esa shunchaki sarishtali ko‘rinishning o‘zi yetarli bo‘ladi.
Bu yerdagi muammo faqat tengsizlikda emas. Baland poshnali poyabzalni doimiy ravishda kiyish oyoq va belga qo‘shimcha yuklama tug‘dirishi mumkin. Yaponiyada bu muammoga yapon tilidagi «poyabzal» va «og‘riq» so‘zlarining o‘yini bo‘lgan «KuTu» deb nomlangan aksiya bag‘ishlandi. 2019-yilda aktrisa Yumi Ishikava mehnat vazirligiga kompaniyalarni ayollarni baland poshnali poyabzal kiyishga majburlashni taqiqlashga chaqiruvchi petitsiyani topshirdi. Uni qariyb 19 ming kishi imzoladi.
Aks vaziyatlar ham uchrab turadi. Ayol zavodda, qurilishda, energetikada yoki tez yordamda ishlaydi va unga forma berilishi kerak, ammo u erkak tanasiga moslab tikilgan. Himoya vositalarini ishlab chiqaruvchilar uyushmasiga ko‘ra, uzoq vaqt davomida ayollar uchun himoya kiyimi shunchaki erkaklar kiyimining kichraytirilgan nusxasi bo‘lib kelgan, holbuki ayollarning proporsiyalari farq qiladi: torroq yelka, boshqacha tos suyagi tuzilishi, kaft va oyoq panjasi tuzilishi.
Muammo butun dunyoda uchraydi. Buyuk Britaniyada ishlaydigan ayollarning 89 foizi himoya vositalari ularga ishlashga xalaqit berishidan shikoyat qilgan. Homilador ayollar alohida aziyat chekadi: mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, ular uchun mos keladigan himoya kiyimlari atigi 1% ayollargagina mavjud.
Tashqi ko‘rinishga qo‘yiladigan talablar, agar ular haqiqatan ham ish uchun zarur bo‘lsa, maqbuldir. Masalan, xavfsizlik, gigiyena yoki xodimni tanib olish uchun. Kaska, qo‘lqoplar, toza forma, oshpazning yig‘ilgan sochlari — bularning barchasi asoslangandir. Ammo bunday talablar ish vazifalari bilan bog‘liq bo‘lishi, himoya vositalari esa ulardan foydalanadiganlarga mos kelishi kerak.
Diskriminatsiya qoidalar ayolning «ko‘zga qanchalik yoqimli» ekaniga — uning yoshi, qomati, makiyaji yoki poshnasining balandligiga taalluqli bo‘lgan joydan boshlanadi. Shuningdek, ayolga erkakka qaraganda yomonroq ishlaydigan va ko‘proq xavf ostida qoladigan forma berilgan joyda ham.
A. Kurmychkina tayyorladi