Men ko`chadagi tegajoqlik qurboni bo`lishni istamayman!

Ikki kun oldin avtobusdan manzilimga yetmasdan tushib qolishga majbur bo`ldim. Aslida men kechki sayrlarni yoqtiruvchilar toifasiga kirmayman, afsuski, ayrim sabablarga ko`ra kech qolib avtobusda uyga qaytayotgan edim. Yonimda taxminan 30 yoshlardagi, boshiga qalin bosh kiyim kiyib olgan, eskirib ketgan portfelini tizzalariga qo`yib olgancha tinimsiz “Yaxshi qiz, ismingiz nima? Xoy, qiz, ismingizni so`rayapman, nega gapirmaysiz-a? Uyingizga kuzatib qo`ysam maylimi?” deb so`rar, butun avtobus meni nima deb javob berishimga qiziqar va kutar edi. Sabrim chidamadi, manzilimga yetmasdanoq avtobusdan tushib qoldim.
 
Bir hafta oldin yo`ldagi kavlanayotgan chuqurdan kunlar davomida ishlanaverib dastasida loyi qotib qolgan kurakda loy ola turib, sherigiga: “Qara, qanday oyoqchalar o`tib ketdi” deb gap otdi.
Bunaqa holat kunning istalgan paytida, istalgan joyda bo`lishi mumkin. Har xil yoshdagi erkaklar menga ko`chada qanday yurishim haqida gapirishdan, hattoki avtobus kutganimda, dorixonada navbatda turganimda bezbetlarcha gap tashlashdan qaytishmaydi.
 
Men umumiy transport vositalarida ham, ko`chada kunduz payti ham o`zimni ximoyasiz sezaman.
Ba`zi izohlar men uchun kulguli va noo`rin, hamda qo’pol tuyuladi. Eng qizig`i, o`sha gap otayotgan yigitlarning judayam kam foizi rostdan ham tanishish istagini bidiradi. Afsuski, ko`pchiligini ahmoqona hazillariga nisbatan aytilayotgan javoblardan roxatlanishadimi degan fikrdaman. Ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan noo`rin izohlar oddiy hol bo`lib qolgandek go`yo. Bu kabi hikoyalarni do`stlar davrasida kulgu bilan tilga olishimiz mumkin, lekin jiddiyroq nazar soladigan bo`lsak buni hecham kulguli joyi yo`q. Men na transportda va yoki ko`chada bo`lmasin o`zimni halovatda sezmayman, yonimda tirjayib turgan yigit ruhan sog`lommi yoki yo`q, balki uyimgacha ta`qib etar – bilmayman?!
 
Bunaqa ta`qiblar davom etar ekan va menga “Yengil tabiatli qiz yoki ayol” deb qarash davom etar ekan meni ko`nglim tinchimaydi! Ha, yana bir narsani aytishni unutibman. Men kalta yubka va ko`ylaklar kiymayman, kalta shorti kiymayman, lablarimni hatto bo`yamayman, kech qolishga to`g`ri kelsa, odamlarning ko`ziga qaramasdan tezroq uyga yetib olishga harakat qilaman, baland poshnalar haqida mutlaqo gapirmasa ham bo`ladi, shunda ham o`zimni to`laqonli himoyalanganman deya olmayman.
 
Google tomonidan o`tkazilgan so`rovnomada 93 ta “Ko`chadagi zo`ravonlik” holatlari qayd etib o`tilgan. “ВКонтакте” va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda tegajog’larning qo`pol hazillari uchun qanday javob qaytarish mumkinligi aytib o`tiladi va aynan shunday holatlardan qanday qutulish mumkinligi haqida ham to`xtalib o`tilgan. Yaqinda dugonalarim bilan gaplashsam, ularni ham shu masala qiynab kelayotgan ekan. Afsuski, har qanday quvnoq, hayotni sevuvchi qiz-juvonlarni mana shunday shilqimlarning hatti-harakati “sotsiofobiya” keltirib chiqaradi.
 
Albatta bunday holatlar kecha paydo bo`lib qolgani yo`q, besh, o`n yillar oldin ham bor edi. Faqat hozir tez-tez uchrab turibdi. Bir tarafdan bunday ikki og`iz so`z yozish bilan ijtimoiy tarmoqlarda tanishishlarga o`rganib qoldik, lekin real hayotda qanday gaplashishni bilmaydi inson.
 
Balki bu yigitlarni xech kim qarshi jins vakillarini hurmat qilihshga o`rgatishmagandir? Haligacha ayollarning vazifasi farzand dunyoga keltirish, uy ishlari bilan band bo`lish deb hisoblashadi. Xohlaymizmi yo`qmi, erkaklardan ko`ra ayollar 20% kamroq ish bilan ta`minlanadi.
 
O`sha biz bilgan mashxur jurnallar, bir-biridan kim o`zarga “Qanday qilib e`tiborni o`ziga qaratish” haqida gapirishadiyu, lekin qanday qilib ko`chadagi shilqimlarga javob qaytarish haqida gapirishmaydi. Shaxsan men buni bilaman! Asosiysi, hech qachon senga aytilgan gaplarni ichingga yutmasdan o`z vaqtida javob qaytarish kerak. Sizga qaysidir begona erkak gap otdimi-uyalib, qizarib indamay ketmasdan, unday insonlarga: “Menga gapingiz umuman yoqmadi, uyalsangiz bo`lardi” qabilida javob qaytarish shart! Jim turmang! Agar sizning boshingizdan shunday holatlar o`tgan va bu bo`yicha malakangiz bormi qolganlarga ham o`rgating! Zero o`zimizni o`zimiz himoya qilishimiz, bir-birimizga hurmatda bo`lishimiz kerakligini hech kim o`rgatmaydi.
 
#SukutSaqlama #Ayollar #ZoravonlikdanHoliOzbekiston #loyihadan