Photo
Bozordagi sotuvchi ayol, uy xizmatchisi, kasanachi chevar, daladagi mavsumiy ishchi. Ularning barchasi har kuni mehnat qiladi, lekin davlat uchun ularning mehnati ko‘pincha ko‘rinmas bo‘lib qoladi. Mehnat shartnomasi yo‘qmi — demak, haq to‘lanadigan mehnatga layoqatsizlik varaqasi, homiladorlik va tug‘ruq nafaqasi hamda pensiya uchun ish staji ham yo‘q.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lumotlariga (https://www.spot.uz/ru/2025/08/18/unemployment/) ko‘ra, 2025-yilning birinchi yarmida 8 milliondan ortiq kishi yoki barcha band aholining 55 foizi rasman ish bilan ta’minlangan. Yana 4,8 million kishi (33%) norasmiy sektorda ishlaydi, 1,8 million kishi (12%) esa xorijda mehnat qilmoqda. Norasmiy bandlik ulushi sezilarli darajada kamaydi, yetti yil avval u 60 foizni tashkil etardi.
Biroq bu o‘zgarishlar hammaning hayotiga bir xil ta’sir ko‘rsatmayapti. BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining 2025-yilgi tadqiqotida (https://www.undp.org/ru/uzbekistan/publications/neformalnaya-zanyatost-v-uzbekistane) ta’kidlanishicha, norasmiy bandlik yoshlar, ayollar va qishloq aholisi orasida nomutanosib ravishda ko‘p uchraydi. Bunday ish ijtimoiy himoyadan foydalanish imkoniyatlarini cheklaydi.
Butun dunyoda vaziyat shunga o‘xshash. Barcha band ayollarning 58 foizi norasmiy is bilan band (https://hir.harvard.edu/surveying-the-world-of-informal-work-interview-with-sally-roever/), rivojlanayotgan mamlakatlarda esa bu ko‘rsatkich 92 foizga yetadi. Ayollarning shartnomasiz ko‘proq ishlashiga sabab bo‘luvchi omillar bir-biri bilan chambarchas bog‘liq.
Uy ishlari. Bolalar va yoshi ulug‘ qarindoshlar parvarishi hamma vaqtdagidek asosan ayollar zimmasida qolmoqda. Uyda yoki uy yaqinidagi bozorda ishlash daromad topishni oilaviy majburiyatlar bilan birga olib borish imkonini beradi, lekin ko‘pincha hech qanday mehnat kafolatlarini bermaydi.
Bandlik ko‘rinishi. Ayollar, ayniqsa, bazaviy ijtimoiy va huquqiy himoya mavjud bo‘lmagan sharoitlarda mehnat qilishadi (https://search.oecd.org/gender/data/womenandinformality.htm). Bu uyda o‘tirib bajariladigan mehnat, birovlarning xonadonlaridagi ishlar, oilaviy biznesga ko‘maklashishdir. Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) uy xizmatchiligi va uyda bajariladigan mehnatni munosib mehnat sharoitlari o‘ta tanqis bo‘lgan bandlik turlariga kiritadi (https://ruralindiaonline.org/library/resource/a-quantum-leap-for-gender-equality-for-a-better-future-of-work-for-all).
Oilaviy biznesdagi haq to‘lanmaydigan mehnat. Ko‘plab ayollar oilaviy biznesni yuritishga yordam berishadi. Daromad umumiy oilaviy budjetga tushadi, lekin ayolning o‘zida na rasmiy daromad va na mehnat huquqlari bo‘lishi mumkin.
Mehnat shartnomasining yo‘qligi hayotning eng zaif vaqtlarida ayniqsa yaqqol bilinadi. Ayol kasal bo‘lib qolsa, unga haq to‘lanadigan mehnatga layoqatsizlik varaqasi berilmaydi va o‘tkazib yuborilgan har bir kun daromad yo‘qolishi bilan yakunlanadi.
Homiladorlik uni yanada og‘ir ahvolga solib qo‘yadi. Homiladorlik va tug‘ruq nafaqasi ish beruvchi orqali to‘lanadi, shartnomasiz ishlaydigan ayolda esa bunday ish beruvchining o‘zi yo‘q.
Norasmiy bandlikning oqibatlari o‘n yillar o‘tib ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Pensiya mehnat stajiga bog‘liq bo‘lib, bunday ishda u hisobga olinmasligi mumkin. Hozirgi kunda yoshga doir pensiya tayinlanishi uchun kamida yetti yillik ish staji talab qilinadi. Umri davomida bozorda savdo qilgan yoki buyurtmaga kiyim tikkan ayol keksayganida zaruriy stajsiz qolishi mumkin.
Qisman bu muammoni o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomi hal etadi. Mehnat stajiga ega bo‘lish uchun o‘zini o‘zi band qilgan shaxs yiliga kamida bir bazaviy hisoblash miqdori (BHM) miqdorida ijtimoiy soliq to‘lashi kerak (https://buxgalter.uz/publish/doc/text205826_kak_vliyaet_uplata_socnaloga_v_povyshennom_razmere_na_pensiyu_samozanyatogo). Ammo bu imkoniyatdan kamchilik foydalanadi: 2,5 milliondan ortiq o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning atigi 13 foizi ijtimoiy soliq to‘lagan (https://buxgalter.uz/publish/doc/text204842_odin_v_pole_voin_kakie_problemy_samozanyatosti_nujno_reshat_v_uzbekistane).
2026-yil sentyabr oyida pensiya islohoti to‘g‘risidagi farmon loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi (https://advice.uz/ru/news/3683). U 2027-yildan boshlab ijtimoiy soliq to‘layotgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga homiladorlik va tug‘ish hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalarini to‘lashni taklif etadi. Shu bilan birga, loyiha pensiya tayinlash uchun minimal stajni 2034-yilga borib bosqichma-bosqich yetti yildan 15 yilgacha oshirishni nazarda tutadi (https://anhor.uz/ru/news/pensionnyj-vozrast-uzbekistan-63-let). Uzlikli yoki norasmiy mehnat stajiga ega ayollar uchun bu jiddiy muammoga aylanishi mumkin. Hozircha hujjat loyiha ligicha qolmoqda.
Norasmiy ish bugun daromad beradi, lekin ertaga sizni himoyasiz qoldiradi. Kasallik, farzand tug‘ilishi yoki keksayish ayol kishi bir o‘zi ko‘tarishga majbur bo‘ladigan moliyaviy xatarga aylanadi. Mehnat shartnomasi bor-yo‘qligidan qat’i nazar, ijtimoiy himoyani barcha ishlayotganlarga tatbiq etish mehnat bozorida gender tengligiga erishishning asosiy vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
A. Kurmichkina tayyorladi