Mehnat sohasidagi zo‘ravonlik va tazyiqlarga har qanday kasb, yosh va lavozimdagi insonlar uchrashi mumkin. Biroq hamma uchun ham xavf darajasi bir xil emas. Ayrimlar uchun yoqimsiz vaziyat shunchaki istisno bo‘lib qolsa, boshqalar uchun bosim, kamsitish, tahdidlar yoki shaxsiy chegaralarning buzilishi doimiy xavfga aylanadi.
Ayrim insonlar o‘z huquqlarini himoya qila olsa, boshqalar ko‘pincha rahbariyatning qarorlariga, tavsiyanomalarga, ishga joylashish istiqbollariga yoki daromad manbaiga qaram bo‘ladi. Rad etish, shikoyat qilish yoki o‘z chegaralarini himoya qilish imkoniyati hammada ham birdek mavjud emas.
Shu sababli, XMTning (Xalqaro mehnat tashkiloti) 190-sonli Konvensiyasi mehnat sohasida ko‘proq zaif holatda bo‘lgan hamda zo‘ravonlik va tazyiqlarga tez-tez uchraydigan xodimlar guruhiga alohida e’tibor qaratadi.
Ayollar va yashirin kamsitish xavfi
Ayollar mehnat sohasida zo‘ravonlik va tazyiqlarga qandaydir alohida sharoitlarda ishlaganliklari uchun emas, balki hali ham ko‘pincha kamroq himoyalangan holatda qolayotganliklari sababli ko‘proq duch kelishadi.
Ko‘plab tashkilotlarda aynan ayollar rahbarlik lavozimlarini kamroq egallaydi, ko‘proq rahbariyatning bahosiga qaram bo‘ladi va gender rollari bilan bog‘liq qarashlarga duch keladi. Bu esa bosim o‘tkazish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va shaxsiy chegaralarni buzish uchun qo‘shimcha sharoit yaratishi mumkin.
Shu bilan birga, bosim har doim ham yaqqol ko‘rinmaydi. U tashqi ko‘rinish haqidagi sharhlar, oilaviy rejalar to‘g‘risidagi savollar, kelajakdagi onalik haqidagi taxminlar tufayli karyera imkoniyatlarini cheklash, homiladorlik paytidagi bosim yoki professional salohiyatga shubha qilish shaklida namoyon bo‘lishi mumkin.
Bunday xavflar ayniqsa xizmat ko‘rsatish, ta’lim, savdo, tibbiyot va ma’muriy ish sohalarida yaqqol ko‘zga tashlanadi, bu yerda xodimalar rahbariyat qarorlariga bog‘liq yoki mijozlar bilan doimiy muloqotda bo‘ladi.
Yosh mutaxassislar va stajyor qizlar
Ko‘pchilik uchun karyera boshlanishi tajriba orttirish, o‘zini ko‘rsatish va kasbda qolish imkoniyatini boy bermaslik istagi bilan bog‘liq. Aynan shu sababli, yosh mutaxassis qizlarga e’tiroz bildirish, ortiqcha talablarni rad etish yoki o‘z chegaralarining buzilishi haqida ochiq gapirish qiyinroq bo‘ladi. Ayrim hollarda ish beruvchilar yoki tajribaliroq hamkasblar bundan foydalanib qolishadi.
Haq to‘lanmaydigan ortiqcha ish soatlari, ishga aloqasi bo‘lmagan topshiriqlar, ko‘pchilikning oldida tanbeh berish, yangi kelganlarning fikriga past nazar bilan qarash kabi holatlar tajribasizlik yoki «hayot maktabini o‘tash» zarurati bilan izohlanadi.
Stajyor va amaliyotchi qizlarning ahvoli esa bundan ham murakkabroq. Tajribali xodimlarga nisbatan qo‘llanganda norozilik keltirib chiqaradigan yoki shikoyat uchun asos bo‘ladigan qonunbuzilishlariga, yangi kelganlarga kelganda panja ortidan qaraladi.
«Hammangiz shu yo‘ldan o‘tgansiz», «bu o‘qishning bir qismi» yoki «avval hurmat qozonish kerak» kabi iboralar bosimni oqlashga va uni professional shakllanishning zaruriy bosqichi sifatida ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Migrant ishchilar uchun ishga joylashish ko‘pincha ish beruvchiga nisbatan qo‘shimcha qaramlikni keltirib chiqaradi. Uydan uzoqda bo‘lish, mahalliy qonunlarni bilmaslik va yordam so‘rab kimga murojaat qilishni aniq bilmaslik o‘z huquqlarini himoya qilishni sezilarli darajada qiyinlashtiradi.
Til bilishdagi to‘siqlar, ishni yoki mamlakatda qolish huquqini yo‘qotishdan qo‘rqish, oila oldidagi moliyaviy majburiyatlar hamda mavjud himoya mexanizmlari haqida yetarli ma’lumotga ega bo‘lmaslik yordam so‘rashni o‘ta xavfli qadamdek ko‘rsatishi mumkin.
Bunday sharoitda bosim turli shakllarda namoyon bo‘lishi mumkin: ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilish, hujjatlarni olib qo‘yish, haq to‘lanmaydigan mehnatga majburlash, kamsitish, harakatlanish erkinligini cheklash yoki insonning zaif holatidan foydalanish.
Inson o‘z xavfsizligi va daromad manbaini saqlab qolish imkoniyati o‘rtasida tanlov qilishga majbur bo‘ladi. Aynan shu sababli ham migrant ishchilarni himoya qilish masalasi nafaqat mehnat huquqlariga rioya etish, balki inson qadr-qimmatiga ham daxldordir.
Rasmiy mehnat shartnomasining mavjud emasligi insonning o‘z huquqlarini himoya qilish imkoniyatini sezilarli darajada cheklashi mumkin. Nizoli vaziyat yuzaga kelganda, nafaqat adolatli yechimga erishish, balki mehnat munosabatlari mavjudligini isbotlash ham qiyin kechishi mumkin.
Bu holat uy yumushlari, mavsumiy ishlar, mayda savdo, vaqtinchalik qo‘shimcha ishlar va norasmiy bandlikning boshqa turlari bilan shug‘ullanadigan insonlarga ta’sir ko‘rsatadi. Ularning mehnati amalda mavjud bo‘lsa-da, u har doim ham aniq qoidalar, ichki tartib-qoidalar yoki shikoyatlarni ko‘rib chiqish mexanizmlari bilan tartibga solinavermaydi.
Bu esa qoidabuzarliklarni yashirish osonroq, javobgarlikni ta’minlash esa qiyinroq bo‘lgan sharoitni yuzaga keltiradi. Ish haqining kechiktirilishi, ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilish, ruhiy bosim, kamsitish yoki shaxsiy chegaralarning buzilishi kabi holatlar jazosiz qolishi mumkin; bunga sabab — shaxsning o‘z huquqlarini asoslab berishi ancha murakkabligidir.
Mehnat sohasidagi zo‘ravonlik va tazyiqlar nafaqat ayrim shaxslarning xatti-harakatlari, balki imkoniyatlar tengsizligi bilan ham bog‘liqdir. Ayollar, yosh ayol mutaxassislar, mehnat muhojirlari va norasmiy sektorda band bo‘lganlar qo‘shimcha to‘siqlarga duch kelishlari mumkin; bu holat ularni hokimiyatni suiiste’mol qilish, bosim o‘tkazish va shaxsiy chegaralarni buzish kabi salbiy ta’sirlarga nisbatan ko‘proq zaif qiladi.
Rina Ergasheva