1990-yillarning oxirlariga kelib, “qurbonlik” tushunchasi inqirozga uchragan deb hisoblash mumkin. Joel Best o‘zining “Jamiyat” (1997) maqolasini “qurbonlik modaga aylandi”, degan tanqidiy baho bilan boshlagan edi. Richard Feldshteyn (1997) to‘g‘ri ta’kidlaganidek, “qurbon” atamasi siyosiy to‘g‘rilik (political correctness) so‘zi bilan birga, AQShda neokonservativlar tomonidan tanqid nishoniga aylangan “leksik zanjir”ning bir qismi bo‘ldi. Shunga o‘xshash “qurbonlik tushunchasiga qarshi backlash” (reaksion tanqid) tendensiyasi Yangi Zelandiyada ham kuzatilmoqda. Qurbonlikka oid tadqiqotlar va xizmatlarga qarshi konservativ kampaniyalar zo‘rlash bo‘yicha yangi feministik tadqiqotlar, xususan, “tanish yo yaqinlar tomonidan zo‘rlanish” (date rape) mavzusini qattiq tanqid ostiga olgan. Ba’zi tanqidchilar masalani “bo‘rttirilgan” yoki umuman “mavjud bo‘lmagan tushuncha” deb e’tirof etishgan.
Bu tanqidlar feministik tadqiqotlar va ular o‘rtaga tashlagan muammolarning ahamiyatini kamaytiruvchi yoki legitimligini savol ostiga qo‘yuvchi reaksion tanqidning bir ko‘rinishi edi. Qurbonlikka nuqtayi nazar tez-tez o`zgarib turadigan jamoatchilik diskursida feminsitik tendensiyalarning qanday ta’sir ko`rsatishini oldindan aytish qiyin. Qurbonlarni doim ikki tomonlama tasvirlashgan: bir tomondan hamdardlik va qo‘llab-quvvatlashga chaqiruv mavjud bo`lsa, boshqa tomondan ularga shubha va istehzo bilan qarashgan. Agar holat davom etaversa, “qurbonlik” tushunchasi o‘zining hamdardlik va siyosiy ta’sirchanlik xususiyatini qisman yo‘qotishi mumkin.
Bunday ijtimoiy o‘zgarishlar jinsiy zo‘ravonlik tushunchasining zamonaviy va feministik talqinini qayta ko‘rib chiqish zaruratini kuchaytirib, qurbonlik tushunchasining madaniy va siyosiy qiymatini qanday qilib tiklash yoki saqlab qolish mumkinligini strategik jihatdan o‘ylab ko‘rishni talab qiladi.
Qurbonlik tushunchasi mavjudligi uchun “qurbonlar” yaratiladimi?
Odamlarni qurbon qilishning ko‘plab usullari mavjud. Shulardan biri o‘zlarini qurbon deb hisoblashga ishontirishdir.
(Xvang, 1997.)
Hozirgi vaqtda jamoatchilik orasida qurbonlik haqida gapirish ortiqcha ravishda qurbonlarni yaratmoqda degan xavotir mavjud. Ayniqsa, “date rape” tanqidchilari bu holat ayollarning “qobiliyati, erkin irodasi va kuchli xarakterini cheklaydi” deb iddao qilishmoqda. (Roife, 1993; shuningdek, qarang: Paglia, 1992) Bu tanqidchilar, zo‘ravonlikka e’tibor qaratish va uni tan olishning o‘zi ayollarni kuchsiz va qaror qabul qilishga qodir emasdek ko‘rsatadi, degan fikrni ilgari suradilar.
Burt va Estep (1981) qurbonlik rolining potensial salbiy jihatlaridan, masalan, bu rolning qaramlikni anglatuvchi ma’nosidan xabardor edilar. Xuddi shunday, Sharlen Muehlenhard va uning hamkasblari (1992) “qurbon” so‘zining jinsiy majburlashga duch kelgan odamga nisbatan qo‘llanishi bilan bog‘liq muammoni tan olganlar. Ular bu so‘z biror shaxsni kuchsiz, o‘zini himoya qila olmaydigan yoki hayotida boshqaruvni yo‘qotgan inson sifatida tasvirlash ehtimolini qayd etishib, ijtimoiy taassurotlar tufayli tanqidga sabab bo‘lishi mumkinligini aytishgan. Ammo ijtimoiy fanlar doirasida pozitivistik yondashuvga rioya qilinganida, bu kabi ehtimoliy e’tirozlar deyarli e’tibordan chetda qoladi. Biroq poststrukturaviy feminizm nuqtayi nazaridan qaraganda, “qurbon” va “qurbonlik” kabi so‘zlarning kuchsizlik va qaramlikni anglatuvchi ma’nolarini e’tiborsiz qoldirish imkonsiz, chunki bu yondashuv til va diskursni ma’noni “shakllantiruvchi” yoki “asos tuzuvchi” sifatida ko‘radi. Boshqacha qilib aytganda, til va diskurs nafaqat fikrlarimizni ifoda etish vositasi, balki ular dunyoni qanday idrok qilishimizni, tushunishimizni va tajriba qilishimizni bevosita shakllantiradi. Bu degani, madaniy jihatdan umumiy bo‘lgan til vositalari, ijtimoiy amaliyotlar va jarayonlar bizning dunyoni qanday ko‘rishimiz va tushunishimizga yo‘l ochadi yoki cheklov qo‘yadi. Shu sababli, ma’no oddiygina mavjud bo‘lgan narsani emas, balki ijtimoiy va madaniy jarayonlar orqali shakllanadigan va quriladigan narsani anglatadi. Tildagi “qurbonlik” tushunchasi jamiyatga turli madaniy yo`llar orqali ta’sir ko`rsatadi. U jinsiy majburlash va zo‘rlash darajasini oshiradigan turmush tarzi va harakat usullarini diskursiv jihatdan qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi mumkin. Masalan, ayollarni zaif, passiv va jinsiy qiziqishdan yiroq shaxslar sifatida, erkaklarni esa jinsiy jihatdan boshqarib bo‘lmas, xavfli va hassos kuch sifatida tasvirlashni mustahkamlashi va davom ettirishi mumkin. Genderga oid bu kabi tasvirlar, o‘z navbatida, ayollarning zo‘rlashdan qo‘rqishini kuchaytirib, ommaviy axborot vositalarida zo‘rlash haqidagi xabar va ogohlantirishlar vositasida vahima oshiriladi. Mazkur diskursiv ta’sirlar jinsiy zo‘ravonlikning madaniy kontekstini shakllantiradi va gender rollarini mustahkamlab, erkaklarning dominantligini va ayollarning zaifligini urg`ulab ko`rsatadi.
‘Jinsiy zo‘ravonlik” tushunchasining hukmron talqiniga ko`ra bunday xatti-harakat subyekti bo‘lganlar o‘z-o‘zidan “qurbon” (bunday hodisalar uchun qurbonlikka ishora qilmaydigan atama topish qiyin) sanaladi. Zo‘ravonning axloqiy qonunbuzarligi zo‘rlashga uchragan odamni majburiy tarzda qurbonlik tajribasiga bog‘laydi, ya’ni ularning boshidan kechirganini aynan “qurbonlik” sifatida talqin qilishni taqozo etadi. Bundan tashqari, “psixologik tizim”ning ta’siri bilan, hozirgi jamiyatda qurbonlikni shaxs psixologiyasiga ta’sir qiluvchi va uni o‘zgartiruvchi jarayon sifatida tushunamiz. Zo‘ravonlik natijasini “qurbonlik” deb nomlash orqali hodisaning psixologik oqibatlari oldindan belgilanadi va shaxsiy tajriba shu doirada cheklanadi.