1981-yildan beri jinsiy siyosat va umuman madaniy siyosat sohasida juda ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi. Feministik harakat va feministik ijtimoiy fan G‘arb jamiyatlarida zo‘rlash va jinsiy zo‘ravonlikni qayta ko‘rib chiqishda muhim rol o‘ynadi. Burt va Estep tomonidan ilgari surilgan fikrlarning aksariyati feministik ta’sirga ega bo‘lgan ijtimoiy fan tadqiqotlarida aks-sado topdi va rivojlantirildi. Ushbu tadqiqotlar natijasida zo‘rlash va jinsiy majburlashni psixologik o‘rganish jarayonida feministik yondashuv asosiy paradigmalardan biriga aylandi.
Juda qisqa vaqt ichida biz shunday ijtimoiy jarayonlarni boshdan kechirdikki, avval zo‘rlash kam uchraydigan voqea deb qaralgan bo‘lsa, keyinchalik u keng tarqalgan ijtimoiy muammo sifatida e’tirof etila boshlandi. Masalan, 1981-yilda Meri Berd Deming va Ali Eppilar zo‘rlashni “statistik jihatdan kam uchraydigan hodisa” deb ta’riflashgan (1981, 374-bet) bo‘lsa, 1977-yilda esa Edvard Shorter “me’yoriy ayolning umri davomida zo‘rlanish ehtimoli juda past”, deb taxmin qilgandi (1977, 481-bet).
Biroq 1980-yillardan boshlab yangi tadqiqot natijalari e’lon qilina boshlandi va bu natijalar zo‘rlashning asl ko‘lami ancha kattaroq ekanligini ko‘rsatdi. Masalan: 1987-yilda Koss, Gidikz va Visnievskilar 15 foiz ayollar, 1984-yilda Rassel 24 foiz ayol hayoti davomida zo‘rlanishni boshdan kechirishini qayd etadi. Afsuski, ushbu raqamlar hali ushbu muammoning ko‘lamini tasvirlolmaydi, sababi, ba’zi tadqiqotchilar ochiq e’tirof etganidek, ayollar tadqiqotchilarga o‘z tajribalarini oshkor qilishdan bosh tortadi, shundan kelib chiqib haqiqiy zo‘rlash darajasi yanada yuqori bo‘lishi mumkinligini taxmin qilish mumkin. (Masalan, Rassellning 1982, 1984-yilgi tadqiqotlari).
Ushbu yangi feministik empirik tadqiqot aynan ilgari zo‘rlash darajasini baholashda uchragan cheklovlarni bartaraf etish uchun ishlab chiqilgan edi. Avvalgi tadqiqotlar, asosan, “politsiyaga berilgan zo‘rlash to‘g‘risidagi hisobotlar” yoki “milliy jinoyatchilik so‘rovnomalari” ma’lumotlariga tayangan bo‘lib, bu haqiqiy ko‘lamni to‘liq aks ettirmasdi. Mazkur yangi tadqiqot yondashuvi zo‘rlash miqyosini o‘lchashda oldingi urinishlardan muhim metodologik farq bilan ajralib turardi.
Ayollarga “Siz zo‘rlanganmisiz?” degan to‘g‘ridan-to‘g‘ri savol berish o‘rniga, ulardan “o‘z tajribalarini batafsil tavsirlab berishlari” so‘raldi. Ushbu uslub ayollar o‘z boshidan o‘tkazgan voqealarni zo‘rlash deb tan olishdan bosh tortishi yoki bu tushunchani boshqacha talqin qilishi mumkinligini hisobga olib, ishlab chiqilgan edi. Bunday yondashuv, zo‘rlash haqida ilgari olib borilgan statistik tadqiqotlarga nisbatan ancha kengroq va aniqroq ma’lumot olish imkonini berdi.
Masalan, ayollardan “Siz qachondir erkak tomonidan qo‘rqitish yoki ma’lum darajada jismoniy kuch ishlatilishi natijasida o‘zingiz xohlamagan holda jinsiy aloqa qilishga majbur qilinganmisiz?” kabi savollar so‘ralgan. (Koss va boshqalar, 1987) Bu savol zo‘rlash va boshqa majburiy jinsiy tajribalar spektriga oid aniq savollardan biri edi. Bunday metodologik yangiliklar ayollarning zo‘rlash haqida xabar berishga nisbatan ikkilanishini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Ushbu yondashuv muvaffaqiyatli bo‘ldi, tadqiqotlar natijasida zo‘ravonlik va jinsiy majburlash keng tarqalganligini ko‘rsatuvchi hayratlanarli yangi ma’lumotlar olindi. Mazkur tadqiqotlar natijasida ro‘y bergan ikki muhim o‘zgarish zo‘rlash haqidagi tasavvur ko‘lamini sezilarli kengaytirdi.
Birinchi o‘zgarish, Diana Rassell (1982, 1984) va boshqalar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar ayollar begona erkaklarga qaraganda o‘zining eri, sevgan yoki uchrashuvga chiqqan yigiti tomonidan ko‘proq zo‘rlanishini ko‘rsatganligi edi. Oqibatda mazkur xabardorlik ilgari “shunchaki jinsiy aloqa” deb qaralgan madaniy xurofotlarni yo‘q qildi, shuningdek, bunday zo‘rlashlar begona shaxslar tomonidan qilinadigan zo‘rlashlardan ko‘ra keng tarqalgan, degan xulosaga olib keldi. Ikkinchi muhim o‘zgarish esa, zo‘rlash va jinsiy tahqirlash bo‘yicha tadqiqotlarda tipologik yondashuv o‘rniga o‘lchovli (dimensional) yondashuv paydo bo‘ldi. Bu shuni anglatadiki, zo‘rlash o‘ta keskin zo‘ravonlik bo‘lsa-da, u majburlovchi nozik harakatlar bilan bir uzviylikda joylashgan. Bunga majburiy o‘pishishdan boshlab, doimiy og‘zaki bosim natijasida rozi bo‘lingan xohlanmagan jinsiy aloqagacha bo‘lgan holatlar kiradi. Koss va boshqalar (shu jumladan, o‘zimning tadqiqotlarim ham — 1991a; 1991b) zo‘ravonlikning ushbu uzviyligida “ayollarning 50 foizidan ko‘prog‘i biror shakldagi jinsiy zo‘ravonlikni boshdan kechirganini” da’vo qilganlar.
Zo‘rlashning o‘lchovli (dimensional)[1] yondashuvi jinsiy zo‘ravonlik shakllari asosan qonuniy geteroseksual munosabatlar doirasidagi keng tarqalganini ko`rsatdi. Natijada oldin “jinsiy aloqa” sifatida qabul qilingan tajribalar jinsiy zo‘ravonlik shakli sifatida qayta talqin qilindi va avval madaniy yoki ijtimoiy jihatdan “normal” deb qabul qilingan holatlarni tanqidiy ko‘rib chiqishga imkon yaratadi. Yondashuvning ikkinchi muhim ta’siri esa – normativ geteroseksual harakatlarning butun doirasini tanqidiy o‘rganish zaruriyatini bilvosita taqdim etganida ko‘rindi. Bu esa jinsiy zo‘ravonlik va majburlashning nozik va keng tarqalgan shakllarini aniqlashga yordam beradi. Garchi masala ko‘pincha empirik adabiyotda aniq muhokama qilinmasa-da, tadqiqotlar ushbu muammolarni qayta ko‘rib chiqishga undaydi, geteroseksual munosabatlardagi kuch muvozanati va jinsiy harakatlarni yangicha nigoh bilan tahlil qilish zaruratini kuchaytiradi.
Feministik ta’sir ostida zo‘rlash va jinsiy zo‘ravonlik ma’nolarining o‘zgarishiga ko‘p tomondan qarshilik bo‘lganini tushunish qiyin emas. Jinsiy majburlashning nozikroq shakllariga e’tibor qaratish va ularning zo‘rlash bilan bog‘liqligini nazariy jihatdan o‘rganish avval “shunchaki jinsiy aloqa” deb hisoblangan holatlarni tushuntirish uchun “yoqimsiz” asosni taqdim etdi. Normativ geteroseksuallikni tasvirlashda ayollar faol erkak xohishining passiv qabul qiluvchilari sifatida tasvirlanadi. Bundan tashqari, ayollar erkaklarning ham jinsiy tashabbuslariga javob beradi, ham agar erkak nomutanosib “kirish” ga urinsa, uni cheklay oladi deb taxmin qilinadi. An’anaviy geteroseksual romantika ideallariga ko‘ra, ayollarning ichki xohishi erkakning mohirona xarizmasi orqali uyg‘otilishini kutishi kerak, go‘yoki ayol hissiz qo‘g‘irchiq kabi. Bu esa balki o‘sha jinsiy aloqaga ayolning istagi yo xohishi yo‘q bo‘lgani ehtimolini ham oshiradi. Demak, ayolning roziligi va faolligi ko‘pincha inkor qilinadi yo ahamiyatsiz hisoblanadi, bu esa jinsiy munosabatlarda tenglik ustuvir emasligini ko`rsatadi. Erkakning “qo‘zg‘atishi” ayolning roziligi savol ostida bo‘lgan holatda amalga oshirilishi mumkin.
Zo‘rlash kam uchraydigan hodisa deb qaralgan, shuningdek, zo‘rlash bo‘yicha shikoyatlar odatda yolg‘on, odatiy jinsiy aloqa talqini, zararsiz holat deb hisoblangan bir davrda, jinsiy tajovuz va zo‘ravonlik tushunchalarini kengaytirishga chaqirish muhim feministik qadam bo‘ldi. Xuddi shunday, majburlashni zo‘ravonlik shakli sifatida tushunishni kengaytirish bu masalani jiddiy ijtimoiy muammo sifatida ko‘rib chiqishga hissa qo‘shdi. Ushbu yondashuv 1980-yillarda zo‘ravonlikning ko‘plab shakllariga e’tibor qaratishga, ularning ko‘lami va dinamikasini tushunishga, zararini kamaytirish va oldini olishga keng ijtimoiy qiziqishni tug‘dirdi.
[1] Zo`rlashning dimensional (o`lchovli) yondashuvi – zo`rlashni yoki jinsiy tajovuzni tushinishda uni Keskin, aniq chegaralangan hodisa sifatida emas, balki uzluksiz (continuum) sifatida ko`rishga asoslangan yondashuvdir