“Jinsiy qurbonlik” atamasi ta’rifini qayta ko‘rib chiqish
Nikola Gavi
“Feministik nazariyada ortga qaytishga yo‘l ochuvchi birorta ochiq joy qoldirmaslik kerak.”
Hollvey 1995, 129-sahifa
Ayol istalmagan jinsiy aloqaga majburlanganini aytsa-yu, lekin o‘zini zo‘rlanmagan deb bilsa, buni qanday tushinishimiz kerak? “Zo‘rlangan” tamg‘asini inkor etayotganiga qaramay, “haqiqatdan” zo‘rlanganmi? Yoki boshidan kechirganlarini “zo‘rlanish” emas, boshqa narsa sifatida talqin qilyaptimi? Zo‘rlash va jinsiy aloqa o‘rtasida shu qadar noaniqlik bo‘lishi bizning madaniyatlarimiz haqida nimani anglatadi? O‘zaro rozilik asosidagi jinsiy aloqa orasida majburlovchi harakatlar bo‘lsa, uni qanday aniqlash va baholash zarur? Va nihoyat, jinsiy zo‘ravonlik yoki majburlash obyekti bo‘lishni zo‘ravonlik yoki majburlashning qurboni bo‘lish bilan aynan bir xil narsa deb tushunsak bo‘ladimi?
Ushbu bobda men shu kabi savollar bilan chigallashib ketgan ko‘p qatlamli murakkab masalalarga javob izlayman. Mavjud murakkab masalalar yuzasidan hali bir to‘xtamga kelmadim. Savollar ustida o‘ylanib, har tomonlama tahlil qilish davomida aniq va qat’iy argument keltirish, bir to‘xtamga kelish qiyinligini tushundim. Ayni vajdan chalkashlik va ikkilanishlardan qochmaslikka qaror qildim, sababi – geteroseks va jinsiy zo‘ravonlik orasidagi chegara chindan ham noaniqdir. Jinsiy aloqa va jinsiy zo‘ravonlik atamasi (go‘yoki ular aniq va tushunarli atamalar kabi) ta’riflarini qanchalik aniqlashtirishga harakat qilmay, ularni shu qadar murakkablashtiraman ham, aynan mana shu kurashning muhim qismi va boshqa darajadagi yondashuvdir. So‘nggi yigirma yil davomida zo‘rlash va jinsiy zo‘ravonlik haqidagi tadqiqotlarning qay tarzda o‘zgarib borayotganini kuzatib kelmoqdaman, yangi feminsitik ijtimoiy fanining ba’zi natijalariga e’tibor qaratdim. Kuzatuvlarimdan kelib chiqib, “jinsiy zo‘ravonlik” atamasini ta’riflashning hozirgi me’yorlarini qayta ko‘rib chiqish kerak deb bilaman. Mazkur xulosam quyidagi uch asosga tayanadi:
1. “Tan olinmaydigan zo‘ravonlik qurboni” tushunchasi
2. Zo‘rlash va zo‘rlashga urinish o‘rtasidagi aniq farqning yo‘qligi
3. “Jinsiy zo‘ravonlik” atamasi asosan majburlovchi geteroseksual harakatlar doirasida keng qo`llanilishi.
O‘z pozitsiyamning o‘zgaruvchanligidan kelib chiqib bir vaqtning o‘zida feministik nazariya va jinsiy zo‘ravonlik haqidagi kamida ikkita, o‘z navbatida bir-biriga qarshi hikoyalarni keltiraman. Ushbu hikoyalarning har biri o‘zicha haqiqat sanalar ekan, meni ikki xavf jiddiy tashvishga soladi: birinchisi, Vendi Hollvey 1995-yilda ogohlantirganidek, ortga qaytish – reaksion tanqid tendensiyasi uchun sharoit yaratib qo‘ymasmikanmiz; ikkinchisi esa, o‘zimiz bilmagan holda shu ortga qaytishning bir qismiga aylanib qolsak-chi?!
Boshlang‘ich nuqta
Ushbu bobni nomlashda men Marta Burt va Roda Estepning “Kim qurbon? Jinsiy zo‘ravonlikni ta’riflash muammolari” (1981) maqolasiga murojaat qilgan edim. Burt va Estep o‘z vaqtida muhim ahamiyat kasb etgan maqolasida 1970-yillarning feministik harakati jinsiy tajovuzni qayta ta’riflash va tushunishda qanchalik ta’sir ko‘rsatganini tushintirib bergan. Ular o‘sha paytda feministik harakat tomonidan ilgari surilayotgan “jinsiy tajovuz” ta’rifi keng qamrovli bo‘lishi kerakligini qo‘llab-quvvatlagan hamda zo‘rlash va boshqa majburlovchi jinsiy amaliyotlar o‘rtasidagi o‘xshashliklarga e’tibor qaratgan.
Bundan tashqari, ular jinsiy zo‘ravonlikka uchragan ayollar uchun “qurbon” maqomini qabul qilishi kerakligi foydalari” haqida qat’iy dalillar keltirganlar. Burt va Estep bu maqomning “salbiy ijtimoiy qiymati” va “majburiyatlari” borligini e’tirof etishgan bo‘lsa ham, maqom quyidagi imtiyozlarni ham ta’minlaydi: yordam olish huquqi, hamdardlik ehtimoli, boshqa ijtimoiy rol va majburiyatlarlardan vaqtinchalik uzoqlashish va huquqiy himoya kabi afzalliklar. Burt va Estep (1981) feministik harakatning tahlillari erkaklar tomonidan ayollarga nisbatan sodir etiladigan har qanday tazyiq, shafqatsizlik va zo‘ravonlik shakllarining yanada ko‘proq diqqatni tortishiga sabab bo‘lganini ta’kidlaydi.
O‘z fikrlariga qo`shimcha ravishda ular bunday deb yozishgandi: “Mazkur tahlil hukmron mafkuraning ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni shaxsiylashtirish, psixologizatsiya qilish va inkor etish usullariga qarshi chiqishga olib keladi. “Qurbon” siyosiy tushunchadir. Hokimiyat kim zo‘ravonlik qiladi va kim zo‘ravonlik qurboniga aylanadi, shuningdek, nima qurbonlik sifatida tan olinishi kerakligini belgilaydi. Qurbon sifatida tan olingan, qonuniy deb qabul qilingan shaxs – unga nisbatan adolatsizlik va nohaqlik qilingan inson sifatida e’tirof etiladi.” (1981, 25-bet)
Shunday qilib, “qurbon” atamasidan foydalanish ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiq shakllari orqali yuzaga keladigan axloqiy adolatsizlikni tushunish va unga qarshi kurashish vositasi sifatida taklif etilgan.