Ba’zi holatlarda ayollarning reaksiyalari ziddiyatli bo‘lib, na an’anaviy qarashlar, na feministik zo‘rlash tushunchalari bilan mos keladi. Mening tadqiqotimda qatnashgan bir ayol (Gavi, 1990) o‘z yigitiga qarata: “Biz birinchi marta jinsiy aloqada bo‘lganimizda, sen meni zo‘rlagansan,” deb aytmoqchi bo‘lgan. Ammo u majburiy jinsiy aloqani zo‘rlash deb qabul qilmagan va o‘sha erkak bilan munosabatni ikki yildan ko‘proq davom ettirgan. Ayol ushbu va boshqa majburiy jinsiy tajribalariga nisbatan murakkab, qarama-qarshi, noaniq va o‘zgaruvchan hissiyotlarini batafsil bayon qildi. Shuningdek, u zo‘rlashga oid odatiy feministik tahlillar unga to‘liq yordam bermaganini aytdi. Ayolning reaksiyasi zo‘rlashga qanday javob berish haqidagi tavsiyalarga mos kelmagan – chunki u o‘sha zo‘ravon erkakni sevgan, o‘rtada o‘tgan ba’zi jinsiy munosabatlar “ajoyib” bo‘lganini tan olgan. Endi esa o‘zini o‘sha paytda “kasal” va “mazoxist” shaxs bo‘lgan, deb biladi.
Sharon Lemb (1996) bir ayolning hikoyasini so‘zlab beradi: ayolni oshiq yigiti mutassil zo‘rlab kelgan, ammo yigit buni zo‘rlash deb bilmagan, mana shu tan olmaslik sabab ayol uni tark etgan. Bu yerda zo‘rlashning o‘zidan ko‘ra, zo‘rlashni tan olmaslik va bahololmaslik ahamiyat kasb etyapti.
Zo‘rlashga oid feminstik tushunchalar bunday ayollarning tajribalarini noto‘g‘ri tushuncha mahsuli tarzida inkor qilmay, kuchli e’tibor qaratishi lozim. Bunday noaniq va ziddiyatli tajribalarni diqqat bilan tinglash va nazariy asosda tahlil qilish, geteroseksuallik va zo‘rlash o‘rtasidagi murakkab munosabatlarni yoritib berish muhim.
Shuningdek, bu zo‘rlashga doir feministik tahlillarni shakllantirishga yordam beradi, oqibatda esa zo‘rlangan barcha ayollarga nisbatan, ular buni qay tarzda boshdan o‘tkizganlariga qaramay, hamdardlik uyg‘otadi.
Garchi qisqa muddatli perspektivada anchagina siyosiy xarajatlar sabab bo‘lishiga qaramay, zo‘rlashning ayollarga ta’siri haqidagi murakkab va noaniq yondashuvni qabul qilish, oxir-oqibat samarali siyosiy strategiyaga olib kelish ehtimoli bor. Psixologlar, terapevtlar hamda faollar zo‘rlash travmasini tushunishni, yordam berish va bu haqda gapirishni davom ettirishlari kerak, lekin shu bilan birga, masalan, barcha ayollar zo‘rlashdan travma olmasligi mumkinligini ham qabul qilish lozim. Ko‘pchiligimiz bu og`riqli tajribani “shaxsiy darajada” qabul qilgan bo‘lsak-da, ularni omma oldida ochiq muhokama qilishdan tiyilamiz, chunki noto‘g‘ri talqin qilinishidan kelib chiqadigan ehtimoliy siyosiy xavflardan xavotirda bo‘lganmiz. An’anaviy empirik psixologiya tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, zo‘rlashga nisbatan odatda bir nechta keng tarqalgan salbiy psixologik reaksiyalar mavjud, ammo barcha zo‘rlangan ayollar bunday reaksiyalarni boshdan kechirmaydi. Bundan tashqari, “zo‘rlangan va zo‘rlanmagan ayollarning psixologik simptomlari orasidagi farqlar uch oydan keyin yo‘qoladi, bundan mustasno holatlar – esa qo‘rquv, xavotir, o‘zini past baholash va jinsiy disfunksiya uzoq payt davom etadi. Ushbu ta’sirlar 18 oy yoki undan ham uzoq davom etishi mumkin” (Koss, 1993, 1063-bet).
Shunga qaramay, zo‘rlashni boshdan kechirganda, travma olmaslik mumkinligi zarar yetkazish haqidagi gaplarga qaraganda kamroq ta’kidlanadi. Biroq zo‘rlashning ta’siri haqida olingan “xulosa” bir savolni tug‘diradi: tajribalarni aniq kategoriyada baholashga majbur bo‘lgan bunday tadqiqotlar zo‘rlashning nozik, o‘ziga xos va oldindan aytib bo‘lmaydigan psixologik ta’sirlarini ko‘rishga imkon beradimi?
Psixologik muammolarning tibbiy model doirasidagi tushunchalarida travmaning ta’siri haqida qarama-qarshi taklif ilgari suriladi: “Travmadan keyin oylar yoki yillar o‘tib simptomlarning paydo bo‘lishi odatiy hol emas” (APA, 1980; Koss va boshq., 1987, 169-bet).
Zo‘rlashga urinish zo‘rlashning o‘zidan tubdan farq qiladimi?
Garchi ayrim jinsiy majburlash holatlari (ehtimol bunga zo‘rlashning tor ta’rifiga mos keladigan ko‘pgina yoki barcha holatlarni kiritsa bo‘lar) da qurbon aniq bo‘lsa, boshqalarida noaniqdir. Ehtimol, bizning barcha jinsiy tajovuz holatlarini va ko‘plab istalmagan jinsiy aloqalarni jabrlash sifatida tushunishimiz ta’siri og`ir bo`lmagan vaziyatlarda ham jabrlanuvchi va qurbonni yaratayotgandir? Garchi bu savol qarshilik pozitsiyalariga xos xavotirni o‘zida aks ettirsa-da, u feministlar uchun muhim masalani ko‘taradi. Zo‘rlashga urinish va jinsiy tajovuzga urinish tajribalari haqiqiy zo‘rlash va jinsiy tajovuz tajribalaridan tubdan farq qiladimi?
O‘z boshimdan o‘tgan holat esimda, 16 yoshlar edim, meni zo‘rlashga urinishgan. Voqea Yangi yil oqshomida yarim kechgacha ishlaganim va ziyofatga ketaturib, mendan yoshi ancha katta erkak hamkasbimning uyiga kirib o`tishga aldov orqali majburlanganimni o‘z ichiga oladi. U kvartira eshigidan uncha uzoq bo‘lmagan to‘shakka meni irg‘itib, ustimga sakrab chiqdi va shimimni yechishga urindi. Jussasi nisbatan kichik erkak edi, men esa sport bilan shug‘ullanganim uchun jismonan ancha baquvvat edim. Shimimni yechmasligi uchun qo‘limdan kelganicha kurashganimni eslayman, chunki (o‘sha paytda menga shunday tuyuldi) u men bilan jinsiy aloqa qilishni niyat qilgandi. (Bu holat meni yana bir masala haqida o‘ylashga majbur qiladi: erkak va ayol tanish bo‘lgan holatda va, tasavvur qilinsa, o‘zaro jinsiy yaqinlikni ma’qul deb hisoblash mumkin bo‘lgan vaziyatda, erkakning harakatlarini “zo‘rlashga urinish” deb aniq baholash qanchalik qiyin.)
Biz yarim kechgacha ishlagan o‘sha restoranda boshqa hamkasblar bilan birga alkogol ichganimizga qaramay, bu erkakka nisbatan hech qanday jinsiy qiziqishim yo‘qligiga shubha qilmaganman – ayniqsa, o‘sha vaziyatda. Unga nisbatan munosabatimda noaniqlik yo‘q edi, men aniq-tiniq qilib jinsiy aloqani xohlamasligimni aytdim, shuningdek, imkon darajasida jismonan qarshilik ko‘rsatdim. Ammo u fikrini o‘zgartirmadi va maqsadini davom ettirishga intildi. O‘ylashimcha, mening jismonan baquvvatligim unga faol va muvaffaqiyatli qarshilik ko‘rsatishimga imkon berdi, natijada u o‘z urinishlarini davom ettirolmadi.
O‘n yillar o‘tib, jinsiy zo‘ravonlik bo‘yicha maslahat beruvchi agentlikda ishlayotganimda, o‘sha submadaniy muhit meni ushbu tajribani zo‘rlashga urinish sifatida qayta ko‘rib chiqishga va salbiy ta’sirlari haqida o‘ylashga undadi. Bu tajribani talqin qilishning mutlaqo yangi usuli bo‘lmasa-da, voqeaning ta’sirini mustahkamladi. O‘sha erkakning menga bo‘lgan “qiziqishi”dan xavotirlanganim va kelasi oqshomlar ishdan chiqishda onamning meni olib ketishini so‘raganimni eslayman. Shuningdek, istalmagan jinsiy aloqaga bo‘lgan kuchli urinishni qaytara olganim menga o‘zimni kuchli, qat’iyatli va yengilmas his qilishimga sabab bo‘lgani yodimda. Garchi bu voqeadan keyin shaxsiyatim va seksualligimga salbiy ta’sirlar bo‘lgan-bo‘lmaganiga to‘liq amin bo‘lish uchun yetarli tafsilotlarni eslay olmasam-da, zo‘rlashga urinishni muvaffaqiyatli qaytarishning ayollarga ta’siri o`zini himoya qilolmaslik ortidan sodir bo`lgan zo‘rlash tajribalaridan tubdan farq qilishini anglayman.
Mening holatimda o‘zimni jabrlanuvchi deb hisoblamayman. Erkakning harakatlari yoqmasa-da, ammo “menga jabr yetkazishdi” degan ishonch yo‘q ichimda. Aksincha, ushbu voqea mening biroz zaifligimga ishora qilsa-da, kuchli ekanimni ham ko‘rsatgan. Sodir bo‘lgan voqeani “jabrlanish” deb atash to‘g‘rimi? Yoki voqeani erkakning manfaatparast va jirkanch niyati sifatida talqin etmasdan, ayolning jismoniy qarshilik ko‘rsatish va kurashish imkoniyatini urg‘ulaydigan boshqacha talqin usullarini yaratish kerakmi? Zo‘rlashga urinishlari chog‘idagi ayollarning o‘zini himoya qilish xususiyatiga ramziy ma’noda, “Xena faktori” – ya’ni kuch va mustaqillik namoyishi sifatida qarash mumkinmi?