Hikoyani yuboring
burger x
#Jabrlanganlar uchun ko'rsatmalar

“Nolinchi patsient”: Bu qanday boshlangan?

“Nolinchi patsient”: Bu qanday boshlangan?
06 Mar 2025

Gap qaynona-kelin munosabatlari, ya’ni, ular o‘rtasidagi doimiy ziddiyat borasida. Hozirgi kunda qaysi toshni ko‘tarsang, ostidan qaynona-kelin o‘rtasidagi muammolar bilan bog‘liq...

Gap qaynona-kelin munosabatlari, ya’ni, ular o‘rtasidagi doimiy ziddiyat borasida. Hozirgi kunda qaysi toshni ko‘tarsang, ostidan qaynona-kelin o‘rtasidagi muammolar bilan bog‘liq vaziyat kelib chiqishi hech kimga sir emas. Ijtimoiy tarmoqdagi ayollar guruhlaridagi muhokamalarda ham, qo‘ni-qo‘shni gurunglarida ham, telekanallardagi serial-u novellalarda ham shu mavzu: hali qarasang – zolim qaynona dastidan kelinning hasratidan chang chiqqan, hali qarasang epsiz kelin ortidan qaynonaning fig‘oni ko‘kka o‘rlagan… O‘zbek o‘zbekligini tanibdiki, bu muammo bor. Keling, shu muammoning ildizi haqida fikr yuritib ko‘ramiz, bu “dard” asli qayerdan paydo bo‘lgani haqida bahsga kirishamiz.
Tibbiyotda “nolinchi patsient” degan atama bor. “Nolinchi patsient” bu – biror-bir kasallik paydo bo‘lganda, uning atrofdagilarga yuqishiga va tarqalishiga sabab bo‘lgan odam demakdir. “Birinchi” emas, aynan “nolinchi”. Birinchi bemor – sog‘lig‘ida muammo sezib, shifokorga murojaat qilgach, kasallik tashxislangan ilk bemordir. Bu kasallikni yuqtirgan o‘ninchi, elliginchi, sakson uchinchi bemor bo‘lishi ham mumkin, faqat kasallik birinchi bo‘lib unda aniqlangan xolos. Endi mavzuimizga qaytsak.
Qaynona-kelin ziddiyati masalasida nolinchi patsient (bemor) bu – patriarxal tizim, desam, ishonasizmi? Keling, faktlarga ko‘z yugurtiramiz:

  • Patriarxat hamisha munosabatlarga notenglik rakursidan yondashadi;
  • Patriarxat o‘zidan ojiz bo‘lgan (ojiz deb bilgan) tomonlarning munosabatlarini ahamiyatli deb bilmaydi, muhimi, ular patriarxat belgilab bergan qoidalardan tashqariga chiqmasalar/uni yoqlasalar va unga xizmat ko‘rsatish hamda bo‘ysunishni davom ettirsalar bo‘lgani;
  • Patriarxat “ojiz” qatlam o‘zaro teng munosabatlar o‘rnatmasligi, ittifoq tuzib, unga qarshi birlashmasligi uchun ularni turli tabaqalarga bo‘lib tashlagan va teng emasligiga ishontirgan;
  • Patriarxat “ojiz” qatlam uchun ijtimoiy rollarni taqsimlab, yashash “stsenariy”sini yozib bergan.

Patriarxal munosabatlar hamisha lider va bo‘ysunuvchi (xodim/xizmat ko‘rsatuvchi/xizmat qiluvchi) asosda quriladi, hatto oilada ham erkak uylanishi bilan “oila boshlig‘i, boshqaruvchisi” maqomiga erishadi, hatto yillar davomida ayol bolalar tug‘ib-o‘stirib, ham ro‘zg‘orni gullatib, ham pul topib, tirikchilikning bir ustunini ko‘tarib yashasa ham, bu maqom o‘zgarmaydi. Ya’ni, “kuchli tomon” liderligicha qolaveradi. Boshqacha munosabatlar qurilganda ham ayni shu andoza bo‘yicha harakat qilinadi: hamma narsani lider hal qiladi.
Ya’ni, qaynona-kelin munosabatlarida ham kuchli tomon lider sifatida ko‘riladi. Bu rol, shubhasiz, qaynonaga nasib etadi. Chunki:

  • U bu uyda oila qurilgandan buyon yashab kelmoqda;
  • U “o‘z odamlari”ning fe’l-atvorini biladi, hatto, ko‘pchilik oila a’zolarining fe’l-atvori, dunyoqarashi shakllanishida bosh-qosh bo‘lgan;
  • U shu oiladagi barcha odatlarni, qonun-qoidalarni biladi.
    Kelin esa, bu oilada yangi odam, butkul boshqa “atmosfera”dan kelgan, oiladagi har bir odam u uchun qorong‘u olam. Qayerlarga “mina” qo‘yilganini, nimalar qilish mumkin emasligini bilmaydi. U oilaning har bir a’zosi bilan munosabatga kirishar ekan, albatta, “bo‘ysunuvchi, xizmat qiluvchi” rolida ko‘riladi, hatto, undan avvalroq kelin bo‘lib tushgan ovsini tomonidan ham. Qaynona ham, o‘ziga kelinlik davrida ravo ko‘rilgan xizmatchilik maqomidan liderlik maqomiga “o‘tkazilgani”ni tushunib, rolni qabul qilib olgan odamdan shu kungacha sarflagan resurslari o‘rnini to‘ldirishni kutadi.
    Ikki “ojiz” hamjins munosabatlari ziddiyat bilan davom etar ekan, biri ikkinchisiga liderlikni berib qo‘ymaslik uchun kurashar ekan, oilaning boshqa “lider”lari – qaynota va uning o‘g‘li ularni chetdan kuzatadi; ziddiyat davomida bir tomon ikkinchisiga fiziologik va ruhiy zarbalar berishiga tomoshabin bo‘lib turishadi. Qaynota (o‘z vaqtida xotiniga u bilan teng insondek qarab, munosabat bog‘lamagan er) endi ham uni noteng munosabat o‘rnatishdan qaytarmaydi, ehtimolki, tenglik asosida munosabat qurish mumkinligini bilmaydi ham.

O‘g‘li esa, xotini (kelin)dan sabrli bo‘lishni, hammaning ko‘nglini topmasa bo‘lmasligini aytishdan nariga o‘tmaydi. Hatto, onasi chegaradan chiqayotganini his qilib tursa ham, xotinini himoya qilmaydi. “Bu vaziyat”dan xotini qanday chiqib ketishini, qanchalik “epli” ekanini chetdan kuzatib turadi. Muhimi, xotini “hamma narsaning birdek uddasidan chiqa olishi”ni ko‘rsatib turishi, har kuni isbot qilib turishi kerak. Eplolmadimi – “jang maydoni”dan sharmandalarcha haydaladi, ko‘pincha, bir etak bolasi bilan. Ko‘p hollarda, eri uni sevib o‘lib qolsayam, oilani saqlab qolish uchun hech nima qilmaydi. Holbuki, ayolga mustaqil bir shaxs, inson sifatida qarab, tenglikda munosabat bog‘langan oilalarda qaynona-kelin ziddiyatlari uchramaydi. Bunday oilalarda hech kim lider bo‘lish uchun kurashmaydi, hatto, bolalarda ham shaxsiyat rivojlanishi uchun munosib muomalada bo‘lishadi. Chetdan kuzatganda, tenglik bo‘lmagan oilalarda qaynona-kelin ziddiyatlari ikki odamni bir-biriga qarshi jangga kiritib, birining qo‘liga qurol berib qo‘yib, ikkinchisini otib o‘ldirishini kuzatib o‘tirishdek gap. Dahshatli-a? Holbuki, patriarxat bir so‘zi, bir harakati bilan bunga chek qo‘yishi mumkin, ammo, ularga tomosha qiziq. Qay bir postda bir gap o‘qigandim: “Jamiyat qonga tashna!”
Boshqa bir tomondan, tenglik hukmron munosabatlar “tug‘ilmasligi” uchun, ayollar uchun namuna paydo bo‘lmasligi uchun patriarxat o‘ta ahmoqona miflar o‘ylab topgan. “Ayol ayolga do‘st bo‘lmaydi,” “Qiz bolani dugona buzadi,” “It – vafo, xotin – jafo” kabi naql va ishonuvlar ayollarning bir-biriga nisbatan ishonchi shakllanishi, o‘ziga bergan bahosi pasayishiga, o‘zining erkaksiz hech kim ekaniga hech bir ishni eplolmasligiga ishonishiga olib kelgan. Bu qarashlar shunchalik qon-qoniga singib ketganki, hatto, bularning aksini qayta-qayta ko‘rib ham, ko‘zi ochilmaydiganlar bor. Ayniqsa, qaynona-kelin munosabatlarida kichik bir ziddiyat paydo bo‘lishi bilan, atrofdagi kimligi umuman ahamiyatsiz bo‘lgan bir hovuch olomon qaynonani “bo‘sh kelmaslik”ka undaydi, kelinning aytmagan gapini aytdi, deb, yana o‘zidan o‘nta qo‘shib, janjalni kuchaytiradi. Kelin g‘ing deb ovozini chiqarsa, uni betgachoparlikda, sabrsizlikda, oila tutishni bilmaslikda, uquvsizlikda, tarbiyasizlikda va hokazo “sizlik”larda ayblab tashlashadi. Yoki, aksincha holatda, qaynona va kelin o‘rni almashadi xolos.
Umuman olganda, har bir ayol uchun umrining qaysidir bir davrida qandaydir maqom (tabaqa)da bo‘lishi taqsimlab berilgan. Er (o‘g‘il) onasini hech qachon o‘zi, akasi, opasi, otasi yoki xotini bilan bir xil maqomda ko‘rmaydi, bu odamlarning barchasi bir xil huquq va majburiyatlarga ega inson o‘rnida qabul qila olmaydi. Onasi yuqoriroq o‘rinda turadi, chunki, bu ayol UNI TUQQAN. Xotin yo‘lda, bola belda, ona topilmaydi!” – degan iddaoni hisobga olinsa, asl manzara tiklanadi. Bu yerda uning onasi muhim emas, balki, UNI TUQQANI muhim. Chunki, mantiqan olib qaralganda, onasi uni tuqqan bo‘lsa, xotini uning bolalarini tuqqan. Ya’ni, ikki ayol ham ONA maqomida. Farq nimada? Buni tushunish uchun o‘ta o‘tkir aql talab etilmaydi – unga bolalarining ham qizig‘i yo‘q! (Nartsissizmning yuqori cho‘qqilaridan biri!). Shunaqa gaplar.

Bular safsatadan boshqa narsa emas, deyishga shoshilmang. Shunchaki, e’tibor bilan kuzating. Ishonchim komil, yuqorida sanab o‘tilgan faktlarni 100%, ortig‘i bilan topasiz, ko‘rasiz. O‘z oilangizda bo‘lmasa, qo‘shnida, qarindosh-urug‘da, umuman, hamma yoqda. Patriarxal tizimning o‘ziga berayotgan zararlaridan biri ham shunda – rivojlanishdan butkul to‘xtab, (boqimanda) iste’molchi rejimida qotib qolgan. Va eng yomoni, u boshqalarga ham rivojlanishga imkon bermasligida. Suv ham bir joyda turib qolsa, ayniydi, deyishadi. Bizga mavjlar kerak, o‘zgarishlar, rivojlanishlar kerak. Qachondir bu mavjlar yaralishiga, tosh bo‘lib qotgan tog‘lar bag‘ridan erk vulqondek otilib chiqishiga umidni yo‘qotmay yashashimiz, o‘sha vulqonni yaratish uchun harakatni to‘xtatmasligimiz kerak.

© Turonlik Amazonka

Oldingi maqola

Islom va subyektivlik. Hafize Sherenning “Ayol islomi” kitobidan
12 Fev 2025
Islom va subyektivlik. Hafize Sherenning “Ayol islomi” kitobidan

Keyingi maqola

G‘ijduvonda erkak 22 yoshli xotinini o‘z joniga qasd qilishiga olib keldi. O‘limidan bir kun oldin sud uni oilaviy zo‘ravonlikda aybdor deb topdi, garchi eri uni butun yuzini sindirib, qattiq kaltaklagan bo‘lsa ham
02 Apr 2025
G‘ijduvonda erkak 22 yoshli xotinini o‘z joniga qasd qilishiga olib keldi. O‘limidan bir kun oldin sud uni oilaviy zo‘ravonlikda aybdor deb topdi, garchi eri uni butun yuzini sindirib, qattiq kaltaklagan bo‘lsa ham
Muharrirdan
Anonim hikoyalar
Жиззахдаги мактаб директори қизларига тазйиқ ўтказиб, уларни мажбурлаб турмушга чиқарган, ўқиш, ишлашдан маҳрум қилган ва эркинликларини чеклаган.
10 Yanvar 2025
Жиззахдаги мактаб директори қизларига тазйиқ ўтказиб, уларни мажбурлаб турмушга чиқарган, ўқиш, ишлашдан маҳрум қилган ва эркинликларини чеклаган.

Немолчи.уз таҳририятига бир қиз мурожаат қилиб, у ва синглиси (қизлар вояга етган) онаси, Жиззах шаҳридаги 18-мактаб директори бўлмиш Шахноза Хасанова томонидан бир неча бор зўравонлик ва тазйиққа учрашганини маълум қилди. Қуйида опа-сингиллардан бирининг хабарини эълон қиламиз: «3 йилдан буён Тошкент шаҳрида ҳам ўқиб, ҳам ишлайман. 2024 йил 31 октябрь куни мени умуман норози бўлган йигитга […]

Унинг исми Зилола эди
03 Yanvar 2024
Унинг исми Зилола эди

У 2001 йилда Қашқадарё вилоятида туғилган, яхши турмуш ўртоқ, меҳрибон она бўлишни орзу қилган. Отасининг узоқ қариндоши Жаҳонгир ундан 8 ёш катта эди. У уни илк бор 2022 йил июль ойида, онаси ва синглиси билан сеп учун нарсалар олиш учун бозорга борганида кўрди. Бир ҳафтадан сўнг улар ФҲДЁ бўлимига ариза беришди, рўйхатга олиш бир ойдан […]

Тошкентда суд пичоқ билан аёлга ташланган эркакка 660 минг сўм жарима тайинлади
29 Iyun 2023
Тошкентда суд пичоқ билан аёлга ташланган эркакка 660 минг сўм жарима тайинлади

Ўша кунни Азиза (исми ўзгартирилди) аниқ-тиниқ эслаб қолди. 16 май куни болалар билан кўчага айланишга чиқишади. Телефони уйда зарядда қолади.⠀Кўчадан қайтгач, Азиза унинг атири ҳидини сезди. Бунгача собиқ эри унда квартира калитини қолганини инкор этган. Аёл ҳожатхонага кириб, ўша ерда бекиниб олди. Ўғли ҳам синглиси билан хонага кириб олади.⠀Эркак ҳожатхона эшигини тақиллатиб, очишни талаб қилади. […]

Жиззах вилоятида эркак 6-синф ўқувчисини зўрлади ва 2 йил озодликни чеклаш жазосини олди
15 Iyun 2023
Жиззах вилоятида эркак 6-синф ўқувчисини зўрлади ва 2 йил озодликни чеклаш жазосини олди

Маълум бўлишича, Жиззах вилоятида истиқомат қилувчи 21 ёшли эркак 2022 йил ёз ойларида маҳалладоши орқали уни дугонаси бўлган вояга етмаган 2010 й.т. йилда туғилган Т.К билан танишиб бир-бирларини ёқтириб қолишиб у вояга етганда бирганликда турмуш қуришлари ҳақида келишиб олади. Кузда эркак қиз яшайдиган шаҳарга боради, дугонаси иккисини айлантириб келади. Кеч бўлиб қолганлиги учун уларни шу […]

Nazima
05 May 2023
Nazima

Шахсий чегараларни бузиш болаликдан бошланади. Эсимда, ёшлигимда холаларим юзимни тортар. Бундан норозилик билдирсам онам менга “Ўзингни яхши тут”, дердилар. Ёки катталардан бирини ўпишимни айтишса, кўзимни юмиб чидардим. Буларнинг барчаси менга ёқмасди – бу катталар, уларнинг сўлаги, бегона ҳидлар …Ўсмирлигимда кўп ёлғиз қолишни истардим. Мусиқа тинглаб, кўзгу олдида рақсга тушардим ёки китоб ўқирдим. Лекин хонамнинг эшиги […]

Менинг исмим Ҳуснора, 32 ёшдаман.
28 Aprel 2023
Менинг исмим Ҳуснора, 32 ёшдаман.

Тошкентдан узоқда жойлашган кичик бир шаҳарчада ўсганман. Оилабоши қаттиққўл ота бўлган оилада ўсганман. Сингилларим ундан жуда қўрқишар ва мен дадамга хотиржамлик билан эътироз билдиришимга доим ҳайрон бўлишарди. Биз ҳар куни уй ва боғда ишлардик: ёғоч полларни қўлда ювардик, бармоқларимиз доимо қавариб кетарди. Эрталаб мактаб олдидан мол боқиш учун кетардик, дарсдан кейин қафас ва катакларни тозалардик. […]

Tegishli barcha maqolalar
top