Ayrim ayollarni tan olinmagan zo‘rlash qurboni deb baholovchi tadqiqot strategiyasini tanqidiy o‘rganish orqali feministik tadqiqotchilar tanqidchilarga qanday javob berishni, shuningdek, o‘zlarining doimiy tahlil va o‘zgarishlarga asoslangan tadqiqlarini qanday amalga oshirishni o‘ylab ko‘rishlari kerak. Masalaga to‘g‘ri va yakuniy javob yo‘q ekan, uni oddiy va tayyor javoblar bilan emas, ochiq va kengroq savollar bilan chuqurroq o‘rganishimiz talab etiladi. Nima uchun ko‘plab ayollar zo‘rlashning huquqiy ta’rifiga mos tajribalarni boshdan kechirgan bo‘lsa-da, “zo‘ravonlik qurboni” degan tamg‘ani rad etishadi.
Feministik tadqiqotlar ayollarning “qurbon” tamg‘asini rad etishiga qanday javob berishi kerak? Bu savollar feministik nazariyasi va tadqiqot amaliyotining markazidagi murakkab masalalarni yuzaga keltiradi. Agar vazifamiz ayollarni gapirtirish bo‘lsa-yu, ayollar o‘z tajribalarini zo‘ravonlik deb atamasa, ochiq joylarni “so‘zlar bilan to‘ldirish” yoki ularni qurbon deb tavsiflashni noqonuniy deb hisoblashimiz mumkin. Biroq feministik tadqiqotlar ayollarni gapirtirish va tajribalari haqida ma’lumot berishdan tashqari, zo‘ravonlik holati ijtimoiy kontekstda hokimiyat munosabatlari tomonidan shakllantirilishi va cheklanishini tushuntiradigan tahliliy tanqidlarni taklif qilishni maqsad qilgan. Agar ayollarning ovozi “o‘z hikoya”sini bayon etmasa, qanday davom etishni tasavvur qilib bo‘lmaydi. (Bu haqda qarang: Fine, 1992.; Kitzinger va Vilkinson 1997.)
Feministik tadqiqotlar zo‘rlashning tarqalishi bilan bog‘liq empirik (ya’ni amaliy va real ma’lumotlarga asoslangan) tahlillar orqali jamiyatdagi zo‘rlash qamrovi va uning ijtimoiy muammo ekanini o‘rgandi. Biroq bu tadqiqotlar faqatgina statistik ma’lumotlarni to‘plab, zo‘rlashni aniq va ilmiy asosda ko‘rsatibgina qolmadi, balki feministik nuqtayi nazardan zo‘rlashni tushunishga, uning ijtimoiy va madaniy kontekstlarini ochishga xizmat qildi. Tadqiqotlarda ilmiy tilning ishlatilishi feministik siyosat va kurashni kengroq auditoriyaga yetkazishga yordam berdi. Ilmiy asoslar va yangiliklar feministik kurashni kuchaytirib, o‘zgartirishlar uchun asos yaratdi. Ushbu harakat ba’zi muhim yutuqlarga erishdi, masalan, ko‘plab ingliz tilida so‘zlashuvchi mamlakatlar va AQShning ayrim qismlarida nikohda zo‘rlashni jinoyat sifatida tan olish uchun qonunlarga o‘zgartishlar kiritilgan.
“Date rape”ga keng jamoatchilik e’tibori ko‘plab universitet kampuslarida zo‘rlashning oldini oluvchi dasturlar ishlab chiqilishiga turtki berdi. O‘zgarishlar kam samara berayotganiga qaramay (masalan, eri tomonidan zo‘rlangan ayollarning shikoyat arizalari nihoyatda kam uchraydi), tadqiqotlar zo‘rlashni tasvirlashda subversiv va transformatsion rol o‘ynagan. Tadqiqot zo‘rlashning mazmunida chuqur o‘zgarishlarni yuzaga keltirdi, endi biror erkakning xotinini zo‘rlashi yoki sport yulduzining tasodifiy ayolni zo‘rlashi mumkinligi ehtimoli past yoki imkonsiz (lekin qora tanli erkaklar ayollarni zo‘rlashga moyil, degan qarash haliyam jamiyatda yuqori).Tadqiqot an’anaviy geteroseksuallikni nozik va yashirin tarzda tanqid qilgan. Mazkur tanqid ko‘pincha feministik tadqiqotlarda ochiq-oydin ko‘zga tashlanmasa-da, tadqiqot tanqidchilari darrov ilg‘ashadi. Nil Gilbert (1994) Kossning zo‘rlash qamrovi haqidagi tadqiqini shunday tanqid qilgandi:
“Zo‘rlashni deviant xatti-harakat sifatida emas, balki me’yoriy erkakning tipik xatti-harakati sifatida baholagan Koss o‘z tadqiqotlari natijasida shunday xulosa qiladi: jinsiy zo‘rlash ayollarga nisbatan “bizning madaniyatimizda erkaklar va ayollar o‘rtasidagi “normal” aloqaning bir qismidir”.
Gilbert Kossning tadqiqotini tanqid qilar ekan, uning fikridagi xatolikni aynan keltirmayapti. U mazkur qarash o‘z auditoriyasi tomonidan aniq xato deb tushunilishiga ishonadi. Gilbert maqolasi kontekstida normal geteroseksuallikni “innocent” (aybsiz) deb atab, uni zo‘rlash bilan bog‘lashni kulgili va bo‘rttirilgan deydi.
Empirik psixologiya tadqiqotlarining pozitivizmi yuqorida muhokama qilingan natijalarni taqdim etgan bo‘lsa-da, buning boshqa tomoni ham bor. Qurbonlikning turli shakllarini aniqlashda chegaralar oldindan belgilangan bo‘lib, ayollar tajribalarini o‘sha kategoriyalar doirasidagina baholay olamiz. Bunday metodologik uslub nozik va ba’zan qarama-qarshi ma’nolarni inobatga olishni inkor etadi. Bundan tashqari, tadqiqotchilar ba’zi asosiy savollarni (masalan, biror voqea zo‘rlash deb hisoblanadimi yoki yo‘qmi) tadqiqot jarayonida aniqlash muammosiz deb o‘ylaydi. Muammoni ilmiy jarayonda kiritilgan faktlarga asoslanib hal qilish oson va tabiiy deb bilishadi. Bu esa holatning murakkab va noaniqligini inobatga olishni cheklaydi. Tadqiqotlar natijasida zo‘rlash va jinsiy qurbonlikning keng qamrovli va aniq tasvirlari taqdim etilsa-da, tasvirlarning qisqartiruvchi va umumlashtiruvchi xususiyatlari barcha ayollarning tajribalarini to‘liq aks ettirmaydi. Shuning uchun, mazkur uslub bilan olingan natijalar, ayrim ayollarning haqiqiy tajribalari bilan mos kelmaydi va natijalarga ishonchni kamaytiradi. Oqibatda kim zo‘ravonlik qurboni ekani ham aniq emas, shuningdek, yangilanib borayotgan haqiqatlar ham e’tibordan chetda qolyapti.