Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi Konvensiyaga (CEDAW) Qo‘shimcha protokolning (QP) ratifikatsiya qilinishi, nazarimda, zamonaviy O‘zbekiston uchun strategik muhim va zarur qadamdir. Agar davlat haqiqatan ham xotin-qizlar huquqlarini mustahkamlash va samarali adolatni ta’minlashga intilayotgan bo‘lsa, bu qadam boshlangan islohotlarning tabiiy davomi bo‘ladi.
Protokol bir vaqtning o‘zida ikki yangi imkoniyatlarni ochadi. Birinchidan, u ayollarga (va barcha fuqarolarga), mamlakat ichida tegishli himoyani topmagan bo‘lsa, xalqaro organ – Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish bo‘yicha qo‘mitasiga individual shikoyat bilan murojaat qilish huquqini beradi. Ikkinchidan, bu Qo‘mitaga ayollar huquqlarining jiddiy yoki muntazam ravishda buzilishi holatlarida tergov o‘tkazish imkonini beradi.
Shunday qilib, bitta xalqaro hujjat alohida fuqarolar uchun ham, davlat uchun ham ishlaydi va ikkala jarayon xotin-qizlarga nisbatan kamsitishni bartaraf etishga qaratilgan. Ayollar uchun bu milliy mexanizmlar ish bermaganida xalqaro darajada adolatga erishish imkoniyatidir. Davlat uchun bu islohotlar qog‘ozda qolmasligi, haqiqatda ayollarni himoya qilish va jamoatchilik ishonchini mustahkamlash uchun qonunlar va amaliyotlarni, jumladan, sud-huquq sohasini tuzatishga yordam beradigan qo‘shimcha vositadir.
Qo‘shimcha Protokol muqaddimasida davlatlarning “xotin-qizlarning barcha inson huquqlari va asosiy erkinliklaridan to‘liq va teng foydalanishini ta’minlash hamda ushbu huquq va erkinliklarning buzilishining oldini olish bo‘yicha samarali choralar ko‘rish” qat’iyati ta’kidlangani bejiz emas.
Masalan, 2019-yilda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Uning 2-moddasi 2-bandi xalqaro shartnomaning milliy qonunchilikdan ustunligini bevosita belgilaydi. Bunday shartnomalar orasida Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi umumiy xalqaro paktlar hamda Ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi paktlardan aynan CEDAW – xotin-qizlarni kamsitishlardan himoya qilish bo‘yicha asosiy xalqaro hujjat bo‘lib, O‘zbekiston 1995-yilda unga qo‘shilgan. Konvensiyaning o‘zi yetarli emas, uni amalga oshirish mexanizmi ham zarur. Qo‘shimcha Protokol esa aynan shunday mexanizmlarni taklif etadi – agar xotin-qizlar huquqlarining muntazam ravishda qo’pol ravishda buzilishi xavfi mavjud bo’lsa, alohida ishlar ko‘riladi va tergovlar o‘tkaziladi.
Bu ayollarga nima beradi?
- Xalqaro adolat mexanizmlaridan foydalanish imkoniyati.
Agar ayol mamlakat ichida barcha instantsiyalardan, shu jumladan sudlardan o‘tib, himoya topmagan bo‘lsa, u CEDAW qo‘mitasiga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunday imkoniyat mavjudligining o‘zi ham sudyalar, prokurorlar, ichki ishlar organlari xodimlari, jumladan, tuman ichki ishlar organlari xodimlari uchun muhim signal bo‘ladi: endi ayollar huquqlarini himoya qilish borasidagi davlat islohotlarini e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi.
- Tizimli o‘zgarishlar.
Ko’rib chiqilgan har bir ishga davlat tomonidan hisobga olinishi shart bo‘lgan Qo‘mitaning tavsiyalar beriladi. Bu zaif tomonlarni aniqlashga yordam beradi – qonunlardagi bo’shliqlardan tortib huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatidagi xatolargacha.
- Davlatga ko‘proq ishonch.
Ayollar o‘z ovozi nafaqat vatanda, balki xalqaro miqyosda eshitilishi mumkinligini bilsa, bu ularning xavfsizlik hissi va adolatga umidini kuchaytiradi, o‘z yurtida o‘z huquqlarini himoya qilish uchun kuch beradi.
Bu mamlakatga nima beradi?
Amalda O‘zbekiston 23 nafar xalqaro ekspertlar – ayollar huquqlari, gender tengligi va xalqaro standartlar bo‘yicha mutaxassislardan iborat butun jamoaga “bepul” ega bo‘ladi. Ular alohida holatlarni tahlil qiladi, tizimli muammolarni aniqlashga yordam beradi va aniq yechimlarni taklif qiladi. Bu jazo emas, balki islohotlar uchun manba.
Shuni ta’kidlash kerakki, Qo‘mita har doim ham shikoyatchi tomonidan bildirilgan qonunbuzarliklarni tan olmaydi. Protokol kuchga kirgan 2000-yildan beri berilgan 159 ta shikoyatdan 71 tasi nomuvofiq deb topilgan. Bundan tashqari, davlat ayolning huquqlarini tiklashga muvaffaq bo‘lganligi yoki Qo‘mita ishining oxirigacha do‘stona kelishuvga erishilganligi sababli ish yuritish to‘xtatilgan holatlar ham bo‘lgan. Ya’ni, Qo‘shimcha Protokol birinchi navbatda bunday ekspert muloqotini nazarda tutadi va u qandaydir jazo mexanizmini ifodalamaydi.
Nega aynan hozir?
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish borasida jiddiy qadamlar qo‘yilganini e’tirof etish kerak, garchi oldinda hali ko‘p ishlar kutmoqda: 2023-yilda oiladagi zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etildi (Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi), voyaga yetmaganlarga qarshi jinoyatlar uchun jazoni yengillashtirish imkoniyatlari cheklandi, ayollarni nikohga majburlashga qarshi choralar kuchaytirildi, bolalar va ayollarni himoya qilish choralari kengaytirildi va hokazo.
Lekin qonunlarni qabul qilish boshqa, ularning samarali ishlashi boshqa. Darhaqiqat, joylarda qarshilikni ko‘ryapmiz: har bir uchastka noziri, prokuror yoki sudya ham yangi meyorlarni qo‘llashga tayyor emas. Davlat esa har bir ishni kuzatib borishi shunchaki imkonsiz. Qo‘mitaga individual shikoyatlar orqali esa tizim ishlamay qolgan nuqtalarni aniqlash va ularni tuzatish mumkin. Advokatlar, o‘z o‘rnida ayollarning huquqlarini faol himoya qilishlari rag‘batlantiriladi. Ya’ni ular ayolning CEDAWga ariza berish imkoniyatiga ega ekanligini bilsalar buning uchun milliy darajada yaxshi himoya qilishlari muhimdir. Bu esa advokatlarning yanada samarali ishlashi va agar milliy darajada bo‘lmasa, xalqaro darajada o‘z mijozlari uchun adolatga erisha olishiga ishonish uchun qo‘shimcha rag‘batlar yaratadi.
Hududiy kontekst.
O‘zbekiston Qo‘shimcha Protokolni ratifikatsiya qilmagan Markaziy Osiyoda yagona davlat bo‘lib qolmoqda.
Qozog‘iston bunga 2001-yildayoq erishgan.
Qirgʻiziston – 2002-yil
Turkmaniston – 2009-yil
Tojikiston – 2014-yil.
Bu mamlakatlarning barchasida ayollar o‘n yildan ziyod vaqt davomida CEDAW qo‘mitasi orqali xalqaro himoyadan foydalanish imkoniyatiga ega. Ushbu imkoniyat zo‘ravonlikka qarshi qonunlarni takomillashtirishdan tortib sud jarayonlari standartlarini oshirishgacha bo‘lgan ichki islohotlarni rag’batlantirdi. O‘zbekiston fuqarolari esa faqatgina BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga individual shikoyat bilan murojaat qilishlari mumkin. Bu Sovet davridan qolgan meros, deya taxmin qilishimiz mumkin, chunki MDHning Olma-Ota deklaratsiyasiga muvofiq, «Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar o‘zlarining konstitutsiyaviy tartiblariga muvofiq sobiq SSSR shartnomalari va bitimlaridan kelib chiqadigan xalqaro majburiyatlarning bajarilishini kafolatlaydilar». SSSR 1991-yilda Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi umumiy xalqaro paktga Qo‘shimcha Protokolni ratifikatsiya qildi va Oʻzbekiston MDHning Olma-ota deklaratsiyasini imzolagan holda, aslida oʻzining avvalgi majburiyatlarini davom ettirdi.
O‘shandan beri 30 yildan ko‘proq vaqt o‘tdi, ammo fuqarolar, shu jumladan ayollar huquqlarini himoya qilish uchun individual ishlarni ko’rib chiqishning yangi xalqaro mexanizmlari hali paydo bo‘lganicha yo‘q.
Menimcha, hozir O‘zbekiston o‘z islohotlarining barqarorligini namoyish qilishi – CEDAWga qo‘shimcha protokolni ratifikatsiya qilishi va kengroq aytganda, BMTning barcha tegishli qo‘mitalarida individual murojaatlar uchun ko‘proq tartiblarni tan olishi mumkin bo‘lgan paytdir. Shu bilan birga, ularning qarorlarini amalga oshirishning milliy mexanizmini ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega. Bu islohotlarni tezlashtiradi va fuqarolar ishonchini qaytarishga yordam beradi.
Xulosa
CEDAWga Qo‘shimcha protokolni ratifikatsiya qilish rasmiyatchilik yoki xalqaro bosimga yon berish emas. Bu O‘zbekiston ayollariga xalqaro himoyadan foydalanish imkonini beruvchi amaliy vosita, davlatga esa islohotlarni takomillashtirish va jamoatchilik ishonchini mustahkamlash uchun qo‘shimcha resursdir. Protokol jazolamaydi, balki yordam beradi: u zaif tomonlarni aniqlaydi, yechimlarni taklif qiladi va muloqot uchun muhit yaratadi.
Mamlakatda ayollarni himoya qilish bo‘yicha muhim qonunlar qabul qilingan bir paytda amalda ular hali ham qarshiliklarga uchrayotgan bir vaqtda Protokol niyatlar va natijalar o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarishi mumkin. Xotin-qizlarga bo‘lgan munosabat jamiyat taraqqiyotining ko‘rsatkichi bo‘lgan zamonaviy dunyoda bu qadam O‘zbekistonning niyatlari qanchalik jiddiy ekanining tasdig‘i bo‘lardi. Bu mamlakatning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlashga, mamlakatda adolat va shaxsga hurmatga asoslangan zamonaviy huquqiy madaniyatni shakllantirishga xizmat qilgan bo‘lardi.
 
 
                                 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
