Bugun men uzoq vaqtdan buyon «muallaq» holatda turgan loyiham ustida ishlab, qayta ko‘rib chiqish ishlarini tugallash bilan uni nihoyasiga yetkazdim. Aniqrogʻi, ayol qahramonlarimdan birini kuchaytirish maqsadida, uning «taqdiri»ga ma’lum oʻzgartirishlar kiritdim. Qahramonim hayoti va sa’jiyasi patriarxal qarashlar bosimi ostida insoniylik qiyofasidan chekinishiga bir qadam qolgan ayol. U karyerist boʻlib, oila qurish va tugʻish masalasini keyinga qoldirishga qaror qilgan. Aniqrogʻi, «oilani mustahkamlash uchun farzand koʻrish kerak, farzand ko‘rish uchun esa yosh (fertil)lik talab qilinadi,» – degan qarashlar boʻlmaganida, balki, u umuman bunday qarorga kelmagan boʻlardi.
Ammo uning barcha urinishlari magʻlubiyat bilan yakunlanadi. Hatto, uning ginekologi bir kuni unga shunday deydi:
»Kampirini “naryoq”qa jo‘natgan chollar oʻziga oʻn sakkiz yashar qizlarni qidirayotgan bir paytda, sen kitoblarning har bitta changi-yu karyeraga yopishmasdan, vaqtida turmushga chiqib, tugʻishing kerak edi!»
Bu ayol undan kutilgan rol va ayblovlar yuki ostida koʻplab xatolarga yoʻl qoʻyadi va antagonistlardan biriga aylanadi.
Uning hikoyasini yozarkanman, patriarxat ayollarni qanday qilib shunchaki bir funksiyaga aylantirganini, farzand koʻrish qobiliyatisiz ular «hech kim» boʻlib qolishini koʻrsatishni istadim.
Va bu ayol bilan bog‘liq syujet “tarmog‘i”ni tahrirlar ekanman, ushbu hikoyani yozgan paytlarimni – klimaks va menopauza mavzusi bilan qiziqqanimni esladim. Men oʻylardim: klimaks va menopauza rostdan ham yomonmi? Agar shunday boʻlsa, nima uchun? Aynan nimasi yomon? Shu savollarga turli ginekolog ayollardan javob oldim. Biri: «Klimaks kelishi bilan sen oʻzgarasan, “chetga chiqib” qolasan. Eringga esa ayol kerak. Nimani nazarda tutayotganimni tushunayotgandirsan?» – dedi. Ikkinchisi: «Tugʻgin, shunda senga klimaks yaqinlashmaydi!» Uchinchisi: «Agar tugʻmasang, ayol boʻlishdan nima foyda?!» (Xudo asrasin!) Men ularning so‘zlarini aynan eslolmayman, lekin ularning gap-so‘zlari sha’ma-yu ishoralarga boy edi, hattoki, bu mavzuga qiziqqanim boisidan nafratni ham his qildim.
Ammo qarashlar va yozilmagan qonunlarni chetlab o‘tib, ilm-fanga yuzlanadigan boʻlsak, klimaks va menopauza umuman ularni taʼriflaganlari kabi «olabo‘ji» emasligini tushunish mumkin. Ha, aslida, klimaks va menopauza oʻz-oʻzidan «yomon» emas, ammo jamiyat, tibbiyot va madaniyat koʻpincha ayollarni uni aynan shunday qabul qilishga majbur qiladi.
Fiziologik jihatdan bu hayotning tabiiy bosqichi hisoblanadi: organizm shunchaki boshqa gormonal rejimga oʻtadi. U qiyin kechishi boʻlishi mumkin – qizib ketaverish, uyqusizlik, emotsional beqarorlik, boʻgʻimlarda ogʻriq – ammo bu kasallik emas, balki oʻtish davri. Muammo shundaki, uni koʻpincha patologiyalashtirishadi: qoʻllab-quvvatlash oʻrniga ayolga «sen qariyapsan», «sen uchun hammasi tugadi», «davolanish kerak» degan gaplarni eshitadi. Aslida bu davrda koʻp narsa boshlanadi: miya, tana va oʻzini idrok etish “qayta quriladi”, xavotir darajasi pasayishi mumkin, ichki mustaqillik paydo boʻladi va koʻplab ayollar aynan menopauzadan keyin oʻzlarini ijodiy, kasbiy va ijtimoiy jihatdan yuzaga chiqaradilar. Yaʼni, biologik jihatdan – vaqtinchalik nomutanosiblik, ammo ekzistensial jihatdan – yetuklikning yangi bosqichidir.
Agar ijtimoiy bosim va qarish qoʻrquvini olib tashlasak, menopauza – shunchaki organizmning tabiiy qayta qurilishi, na yaxshi, na yomon, balki balog‘at yoki homiladorlik kabi hayot siklining bir qismidir.
Tibbiy nuqtai nazardan: agar jiddiy patologiyalar boʻlmasa, (masalan, osteoporoz, ogʻir anemiya, gipertoniya yoki kuchli gormonal buzilishlar,) menopauza «davolash»ni talab qilmaydi. Uni kuzatib borish, organizmga yordam berish mumkin: toʻgʻri ovqatlanish, jismoniy faollik, uyqu, psixo-emotsional muvozanat, baʼzan fitoterapiya yoki yengil gormonal terapiya.
Falsafiy nuqtai nazardan: menopauza – bu «tanani bunyod etish» (reproduksiya) bosqichidan “mazmunni yaratish” bosqichiga oʻtishdir. Anʼanaviy madaniyatlarda bu davrdan keyin yoshi katta ayollar «soʻnayotganlar» deb emas, aqlli, «bilimdon», tajriba saqlovchilari (kayvoni) deb hisoblangan. Zamonaviy dunyo esa, diqqatni yoshlikka qaratgani sabab, mazkur tabiiy jarayon yoʻqotish sifatida qabul qilinadi.
Psixologik nuqtai nazardan: agar inson aslan yoshga doir oʻzgarishlardan qoʻrqmasa va ularni tana evolyutsiyasining bir qismi sifatida qabul qilsa, bu davr u uchun ozodlikka yetishtiruvchi jarayonga aylanishi mumkin. Hayz koʻrish, gormonal sikllarga bogʻliqlik va kayfiyatning tez-tez oʻzgarishi yoʻqoladi – uning o‘rnida barqarorlik, xotirjamlik, yetuklik paydo boʻladi.
Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, klimaks va menopauzani qabul qilish va u bilan bogʻliq simptomlar turli madaniyatlarda sezilarli darajada farq qiladi: masalan, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi ayollariga bagʻishlangan sharhda, madaniy va ijtimoiy kontekst individual kechinmalarga katta taʼsir koʻrsatishi taʼkidlanadi. Sufiylik anʼanasi va yetuk ayollarning roli haqida – bir qator manbalarda tasavvufda ayollarning ahamiyati va ularning yetuk yoshdagi maʼnaviy roli qayd etiladi.
Markaziy Osiyoning Islomdan avvalgi madaniyatlarida — Soʻgʻd, Xorazm, Baqtriya madaniyatlarida — menopauza ayollikning yoʻqotilishi deb hisoblanmagan. Hayz koʻrish toʻxtaganidan keyin ayol «oq ona» deb atalgan, bu poklik va maʼnaviy yetuklik ramzi edi. U avlod va xotira saqlovchisi sifatida eʼzozlangan. U oʻzining «poklanmaganligi» haqidagi tasavvurlar tufayli qizlarga va yosh kelinlarga ruxsat berilmaydigan marosimlarda ishtirok eta olgan, yaʼni menopauza, aksincha, uning maqomi va hokimiyatini kengaytirgan.
Erta Islom davrida munosabat biroz cheklangan boʻlsa-da, oʻzbek va tojik xalq anʼanalarida menopauzadan keyingi ayollar koʻproq erkinlikka ega boʻlgan: ular yigʻilishlarda erkaklar yonida oʻtirishlari, doimiy ravishda chora yopmasliklari, yoshlarga ustozlik qilishlari mumkin edi.
Sufiylik anʼanasida esa tana sikllari kosmik ritmlarning aksi sifatida qabul qilingan. Menopauza ikkilanishning yakunlanishini anglatar edi: ayol hayot oʻtkazuvchisi boʻlishdan toʻxtab, uning mujassamlashuviga aylanardi. «Ruh so‘zlashi uchun tana sukut saqlashi kerak», — deb hisoblangan va yetuk ayol maʼrifatning — bilimning eng yuqori darajalariga erisha olgan.
Xullas, klimaks va menopauza – bu yomon, ammo ayollar uchun emas, balki ayollarni bunga ishontirishga urinayotganlar uchundir. Bu boshqalarning kutishlaridan uzoq kutilgan ozodlik, bo‘ronli yillar ichra erishilgan ichki uygʻunlik demakdir!
© Aliya Temuriyzoda
Maʼlumot Manbalari:
Kitob: From Shamanism to Sufism: Women, Islam and Culture in Central Asia (Razia Sultanova). Kitobda Markaziy Osiyo ayollarining diniy madaniyatni «qanday qoʻllab-quvvatlagani… xususan, shamanizm va tasavvuf orqali» oʻrganiladi. Garchi kitob bevosita menopauza haqida boʻlmasa-da, mintaqa madaniyatida yetuk ayollarga muhim rol ajratilganligini tasdiqlash uchun mos keladi.
https://www.bloomsbury.com/au/from-shamanism-to-sufism-9780857719461/
Maqola: Women and Sufism in South Asia: A Survey of Historical Trends (Saad Ali Khan, Abida Bano). Maqolada Janubiy Osiyodagi sufiylikda ayollarning tarixiy roli koʻrib chiqiladi va ayollar maʼnaviy rollarga hamda ehtiromga ega boʻlganligi koʻrsatiladi.
https://ideapublishers.org/index.php/lassij/article/view/173
Etnografik Tadqiqot: Cultural Patterns of Health Care Beliefs and Practices among Muslim Women in Uzbekistan (Z. Tursunova va boshq.). Bu ish oʻzbek ayollarining salomatlikka oid eʼtiqodlari va amaliyotlarini, shu jumladan madaniy va sufiylik nuqtai nazarini ham koʻrib chiqadi.
https://hcs.pitt.edu/ojs/hcs/article/view/124/0