Hikoyani yuboring
burger x
#Jabrlanganlar uchun ko'rsatmalar

“Huquqni muhofaza qilish organlarida tanishlarim ko‘p”: Xorazm viloyatidagi fohishaxonada 15 yoshli qiz ekspluatatsiya qilingani va erkaklar jazosiz qolgani haqida

“Huquqni muhofaza qilish organlarida tanishlarim ko‘p”: Xorazm viloyatidagi fohishaxonada 15 yoshli qiz ekspluatatsiya qilingani va erkaklar jazosiz qolgani haqida
30 Apr 2026

K. 2009-yilda Xorazm viloyatining tumanlaridan birida tug‘ilgan. 2025-yil fevral oyida u yaqinlari bilan o‘rtasidagi kelishmovchilikdan so‘ng uydan chiqib ketgan. Bir...

K. 2009-yilda Xorazm viloyatining tumanlaridan birida tug‘ilgan. 2025-yil fevral oyida u yaqinlari bilan o‘rtasidagi kelishmovchilikdan so‘ng uydan chiqib ketgan. Bir hafta davomida qo‘shni tumandagi dugonasining uyida yashagan va o‘sha yerda Diyorbek (2002-y.t.) bilan tanishgan. Yigit qiz bilan jinsiy aloqada bo‘lgan (garchi bu jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lsa-da), so‘ngra Sohiba Ro‘zimovadan (1982-y.t.) qizni uyiga qo‘yishini iltimos qilgan, u esa bunga rozi bo‘lgan. Voqea sodir bo‘layotgan vaqtda Sohiba Ro‘zimova probatsiya nazoratida bo‘lgan — u 2024-yil 27-iyuldagi sud hukmiga ko‘ra, firibgarlik (O‘zR JK 168-moddasi) uchun tayinlangan uch yillik ozodlikni cheklash jazosini o‘tayotgan edi. Bu uning ikkinchi sudlanganligi o‘lib, birinchisini — xuddi shunday jinoyat uchun — 2022-yil oktyabr oyida olgan. Probatsiya nazorati uni to‘xtata olmadi: Ro‘zimova jazoni o‘tash bilan birga firibgarlik bilan shug‘ullangan, shuningdek, fohishaxona tashkil etib, ayollarni jinsiy ekspluatatsiya qilgan. Qo‘shni xonadonlarda yashovchilar uy egasiga shikoyat qilgani sababli u avvalgi manzilidan ko‘chirib yuborilgan. Biroq u boshqa joyga ko‘chib o‘tib, o‘z faoliyatini davom ettirgan.

Qiz Ro‘zimovaning uyiga ko‘chib o‘tganining ertasiga, ayol uni IIBga — voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi katta inspektori Baxrom Karimovning oldiga olib bordi. Baxrom qizga qarab qo‘ydi, so‘ngra tashqariga chiqib, Ro‘zimovaning mashinasiga o‘tirdi. K. ularning nima haqida gaplashganini bilmas edi. Suhbatdan so‘ng qiz ayolning uyiga qaytib ketdi. Keyinchalik Baxrom Karimov bergan ko‘rsatmasida qizning voyaga yetmaganidan va Ro‘zimovaning uni o‘z uyida olib qolish niyatidan xabari bo‘lmaganini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Ro‘zimova qizning 15 yoshda ekanini aytganida, u bunga ruxsat bermagan va darhol tegishli choralarni ko‘rgan bo‘lardi. Qiziq, nega u qizning yoshini o‘zi aniqlamadi? Nega uning qayerda yashashi va yonida kattalar bor-yo‘qligi bilan qiziqmadi? Nega uni tegishli xizmatlarga — reabilitatsiya markazi yoki vasiylik organlariga topshirmadi? Nima uchun u Ro‘zimovaning mashinasiga o‘tirdi? Ular nima haqida gaplashishdi? Bu savollar javobsiz qolmoqda.

15 yoshli qiz Ro‘zimovaning uyida yashar ekan, bu ayol ushbu xonadonda boshqa ayollarni jinsiy ekspluatatsiya qilayotganiga guvoh bo‘ldi. Aytgancha, xuddi shu fohishaxonada Ro‘zimovaning voyaga yetmagan qizi ham yashagan — biroq bu holat bolaga qanday ta’sir qilgani haqida ish hujjatlarida ma’lumot mavjud emas. O‘sha kunlarda K.ning o‘zini jinsiy ekspluatatsiyaga majburlashmagan, biroq u bunday sharoitda yashay olmadi. To‘rt kundan so‘ng K. alohida xonadonga ko‘chib o‘tdi va kafega ishga kirdi. Afsuski, ko‘p o‘tmay kafe yopilib qoldi va qiz yashash uchun mablag‘siz qoldi.

2025-yil 11-aprel kuni Ro‘zimova K.ga Telegram orqali qo‘ng‘iroq qilib, yashash uchun joyi va novvoyxonada ishi borligini aytdi. Qiz bunga ishondi va ko‘chib o‘tdi. Biroq bir necha kundan keyin Ro‘zimova K.ni jinsiy ekspluatatsiyaga majburlay boshladi va unga tahdid qildi. U IIB xodimlari orasida ko‘plab tanishlari borligini, xohlasa uni tarbiyasi og‘ir bo‘lgan voyaga yetmaganlar saqlanadigan koloniyaga jo‘natishini, u yerdan 18 yoshga to‘lguniga qadar chiqib ketolmasligini, hatto ota-onasi ham uni chiqarib ololmasligini aytib qo‘rqitganini, agarda uyidan ketib qolsa yoki ushbu holatlarni boshqalarga aytsa, ko‘p erkaklar orasiga tashlashini, uni topib o‘ldirtirib yuborishini, jasadini hech kim topa olmasligini, uni so‘rab keladigan yaqinlari yo‘qligini aytib tahdid qildi.

Qiz uni jazoni ijro etish koloniyasiga jo‘natishlariga yoki o‘ldirishlariga va hech kim uning jasadini qidirmasligiga shubha qilmagan. Axir, Ro‘zimova bilan yashab yurganida, u tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari uning fohishaxonasiga tez-tez tashrif buyurishlarini va egasi ular bilan iliq munosabatlarda bo‘lganini ko‘rgan. K.ning so‘zlariga ko‘ra, Ro‘zimovaning o‘zi ham ichki ishlar formasini kiygan va shuning uchun uning ichki ishlarda haqiqatan ham ko‘p tanishlari borligiga ishongan. Qo‘rquv, boradigan joyi yo‘qligi va qarindoshlari bilan buzilgan munosabatlar tufayli qo‘rquv ichida qolgan 15 yoshli qiz Ro‘zimovaning har bir talabini bajarishga majbur bo‘lgan.

2025-yil aprel oyining o‘rtalaridan may oyining boshlariga qadar Sohiba Ro‘zimova 15 yoshli K. ni erkaklarga muntazam ravishda sotgan. Qiz pulning bir tiyinini ham ko‘rmagan. Bir safar unga ko‘ylak sotib olishgan, ammo Ro‘zimova bilan birga yashovchi boshqa bir ayol ko‘ylak pulini to‘lagan. K. ning ko‘rsatmalariga ko‘ra, ba’zan u uch yoki to‘rt erkak bilan jinsiy aloqada bo‘lishga majbur bo‘lgan va u o‘zini yomon his qilsa ham, rad etishga haqqi bo‘lmagan. Erkaklar Ro‘zimovaga voyaga yetmagan qiz bilan munosabatlari uchun 200 000 dan 1 000 000 so‘mgacha pul to‘lashgan, ammo qizga bu puldan bir tiyini ham tegmagan, uni faqat ovqatlantirishgan. Qiz qarshilik ko‘rsatishga uringanida, uni kaltaklashgan.

Jabrlanuvchi erkaklar ko‘p bo‘lganini da’vo qilgan bo‘lsa-da, ish materiallarida faqat to‘qqiz kishi tilga olingan: Boltaboyev Ilyosbek Otabek o‘g‘li, O‘rinboyev Otanazar O‘ktam o‘g‘li, Matkarimov Doniyor Ahmedjonovich, Botirov Oybek Davronbek o‘g‘li, Davlatov Nazarbek Allabergan o‘g‘li, Baxtiyorov Azizbek Umidjonovich, Madrimov Fayzulla Sadullayevich, Rustamov Rasulbek Olimboyevich va Razzaqov Rahimboy Sharipboyevich — barchasi Xorazm viloyatidan. Ulardan biri ish bo‘yicha ko‘rsatma bergan, ya’ni guvoh sifatida jalb qilingan. Uning xabar berishicha, 2025-yil aprel oyida Ro‘zimovaning temir yo‘l vokzali yaqinida fohishaxona tashkil qilganini bilib, unga qo‘ng‘iroq qilgan. U hali 16 yoshga to‘lmagan K. ismli go‘zal qiz borligini va 400 000 so‘m “stavka”ni aytib o‘tgan. U buni 300 000 so‘mgacha tushirib, Ro‘zimovaning oldiga borib, unga pulni bergan. Keyin u K.ni olib, tuman markazidagi ko‘p qavatli uylardan biriga olib borgan. U qizning voyaga yetmaganligini bilgan va uning so‘zlariga ko‘ra, qiz o‘z ixtiyori bilan u bilan bo‘lgan.

Nemolchi.Uz tahririyati ushbu ishda «ixtiyoriy rozilik» haqidagi vajlar asossiz ekanini tushuntirishni zarur deb hisoblaydi. Ish tavsifidan ko‘rinib turibdiki, qiz qo‘rqitilgan va majburlangan. Bundan tashqari, u rad javobini bergani uchun kaltaklangan. Uning boradigan joyi yo‘q edi, unga o‘lim bilan tahdid qilishgan va u Ro‘zimova huquq-tartibot idoralaridagi tanish-bilishlari orqali hammasini bost-bosti qilishiga ishongan. Shunday ekan, u nomi tilgan olingan erkaklar bilan «o‘z xohishi» bilan birga bo‘lgan deb hisoblash mumkinmi? Har bir erkak pul evaziga hech kim u bilan to‘shakka o‘z xohishi bilan yotmasligini tushunishi kerak. Bunday taqdirlarning har biri ortida qo‘rqitish, ekspluatatsiya va zo‘ravonlik yotadi. Bu erkaklarning barchasi, hatto qiz qarshilik ko‘rsatmagan va bu «ixtiyoriy»dek ko‘ringan bo‘lsa-da, aslida bolaga nisbatan qasddan jinoyat sodir etish uchun pul to‘laganlar. I. Boltayev, O. O‘rinboyev, D. Matkarimov, O. Botirov, N. Davlatov, A. Baxtiyorov, F. Madrimov, R. Rustamov, R. Razzaqov — voyaga yetmagan qizni ongli ravishda tanlaganlar (chunki guvohlarning ko‘rsatmalariga ko‘ra, Ro‘zimova ularga qizning yoshi haqida oldindan xabar bergan).

Ro‘zimova Jinoyat kodeksining bir necha moddalari bilan aybdor deb topildi va unga JKning 57-moddasi orqali yengilroq jazo tayinlandi:

  • O‘zR JK 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda koʻp miqdorda firibgarlik) — 6 yil 1 oy qamoq jazosi
  • O‘zR JK 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (Odam savdosi, moddaning eski tahriri) — 6 yil qamoq jazosi (modda sanksiyasida 8 yildan 12 yilgacha qamoq jazosi nazarda tutiladi).
  • O‘zR JK 131-moddasi 4-qismi “b” bandi (Qoʻshmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) — 5 yil qamoq jazosi.

Uning jinsi, oilaning yagona boquvchisi ekanligi, ikkita voyaga yetmagan farzandi borligi, shuningdek, moliyaviy ahvoli va imkoniyatlari yengillashtiruvchi holatlar deb topildi. Ro‘zimova uzil-kesil olti yil ikki oy qamoq jazosiga hukm qilindi.

Erkaklar va ichki ishlar xodimlari ishi nim abo‘ldi?

O‘zbekiston IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov Nemolchi.Uz tahririyatiga mazkur jinoyat ishi yuzasidan ma’lumotnoma taqdim etdi. Voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor Baxrom Karimovga tegishli qismida IIV shuni ma’lum qildiki, tergov harakatlari davomida unga nisbatan hech qanday ko‘rsatma berilmagan, sud tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlash haqida xususiy ajrim chiqarilmagan. Uning jabrlanuvchi bilan uchrashuvi ma’lumotnomada «profilaktik suhbat» deb ta’riflangan. Tahririyat ushbu ta’rif sud ishi materiallariga zid kelishiga ahamiyat berdi. Jabrlanuvchining ko‘rsatmalariga ko‘ra: Karimov unga qarab qo‘ygan, so‘ng tashqariga chiqib, Ro‘zimovaning mashinasiga o‘tirgan; u yerda nima haqida gaplashishganini esa jabrlanuvchi bilmaydi. Karimovning o‘zi ham sudda qiz bilan emas, balki faqat Ro‘zimova bilan suhbatlashgani haqida ko‘rsatma bergan. «Profilaktik suhbat» degan ta’rif ilk bor IIVning tahririyat so‘roviga asosan bergan ma’lumotnomasida paydo bo‘ldi. Tahririyatning aniqlashtiruvchi savoliga IIV ikkinchi ma’lumotnomasida quyidagicha javob berdi: “Dastlabki tergov davomida K. S.Ro‘zimovaning mayor B.Karimov bilan uchrashuvi bo‘yicha ko‘rsatma bermagan. Bu haqida u sud ishi davomida ma’lum qildi. Shu sababli tergov organi tomonidan B.Karimovning harakatlari bo‘yicha tekshiruv tayinlanmadi.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov tahririyat so‘roviga javoban, Baxrom Karimovning harakatlariga huquqiy baho berish uchun sud yoki boshqa organlardan Xorazm viloyati prokuraturasiga hech qanday materiallar kelib tushmaganini bildirdi. IIV taqdim etgan ma’lumotnomada qayd etilishicha, mayor Karimov Baxrom Matkarimovich hozirgi kunda ham o‘sha tuman IIB Jamoat tartibini saqlash bo‘limi voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlash guruhi katta inspektori lavozimida xizmat qilmoqda.

Tahririyat, shuningdek, quyidagiga e’tibor qaratadi. Sud materiallarida qayd etilgan jabrlanuvchi va Baxrom Karimovning ko‘rsatmalariga ko‘ra, 2025-yil 26-may kuni qiz o‘sha tuman IIB xodimlari tomonidan voyaga yetmaganlar markaziga joylashtirilgan. Vaholanki, IIV ma’lumotnomasida ko‘rsatilishicha, 2025-yil 16-iyun kuni — ya’ni uch hafta o‘tgach — o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Ro‘zimova “maxsus xaridor”dan, jumladan, “voyaga yetmagan K.” bilan jinsiy aloqa tashkil qilgani uchun 1 000 000 so‘m pul olgan. Ya’ni, IIV ma’lumotiga ko‘ra, jabrlanuvchi davlat himoyasiga olinganidan keyin ham «soxta» bitimda foydalanilgan. Tahririyat voyaga yetmaganlar markazidagi bola tezkor tadbirga qanday va nima uchun jalb qilinganini so‘raganida, Ichki ishlar vazirligi ikkinchi ma’lumotnomani taqdim etdi, unda K. tadbirda qatnashmaganligi, balki voyaga yetmaganlar markazida bo‘lgani aniqlandi.

Savol tug‘iladi: qanday qilib va nima sababdan voyaga yetmaganlar markazida bo‘lgan bola tezkor tadbirga jalb qilingan?

Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, Ro‘zimovaning uyiga muntazam ravishda kelib turgan va u bilan yaxshi munosabatda bo‘lgan IIB xodimlari masalasida IIV sud jarayoni davomida IIB xodimlariga nisbatan hech qanday e’tirozlar tushmaganini ma’lum qildi. Shu sababli ularning xatti-harakatlari tekshirilmagan.

Jabrlanuvchi tilga olgan to‘qqiz nafar erkakka kelsak: 2025-yilning yozida ular O‘zR JKning 128-moddasi 1-qismi (16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida ishga jalb qilingan. Biroq 2025-yil 2-sentyabr kuni ulardan uch nafariga — I. Boltaboyev, R. Razzaqov va A. Baxtiyorovga nisbatan jinoyat alomatlari yo‘qligi sababli ish tugatilgan (JPKning 83-moddasiga asosan). Qolgan olti nafariga — D. Matkarimov, O. Botirov, N. Davlatov, O. O‘rinboyev, F. Madrimov va R. Rustamovga nisbatan esa ayblilik masalasi hal qilinmasdan turib, ish yuritish tugatilgan (JPKning 84-moddasi 5-qismi 2-bandiga asosan). Ularning hech biri 15 yoshli bolaga nisbatan sodir etilgan qasddan qilingan harakatlar uchun javobgarlikka tortilmadi.

Sud materiallarida ushbu erkaklar voyaga yetmagan qiz bilan jinsiy aloqa qilish uchun Ro‘zimovaga pul to‘laganliklari aniq qayd etilgan bir paytda, qanday qilib tergov jinoyat alomatlarini aniqlay olmaganligi tushunarsizligicha qolmoqda. Qolgan olti nafar erkakka nisbatan O‘zR JPKning 84-moddasi 5-qismi 2-bandiga asosan, ayblilik masalasi hal qilinmasdan turib ishning tugatilishi ham ko‘plab savollarni tug‘diradi. Ishni yopish imkonini beruvchi ushbu bandning ta’rifini keltiramiz: «ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan, aybini bo‘yniga olib, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan va yetkazilgan zararni bartaraf etgan shaxs javobgarlikdan ozod etilishi mumkin

JK 15-moddasiga ko‘ra: «Uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda uch yildan ortiq, lekin besh yildan koʻp boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar, shuningdek ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, qonunda besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi.»

Tergov to‘qqiz erkakning barchasining harakatlarini Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismi bilan malakaladi. Bu jinoyatlar sodir etilgan paytda Jinoyat kodeksining amaldagi tahririda 128-moddaning 2-qismi kiritilgan bo‘lsa-da, u moddiy boyliklar, mulk yoki boshqa mulkiy manfaatlar berish orqali sodir etilgan xuddi shu harakatlar uchun javobgarlikni nazarda tutadi. Buning uchun besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi beriladi. Sud hujjatlarida barcha erkaklar Ro‘zimovaga pul to‘laganligi ko‘rsatilgan, demakki ularning harakatlari 128-moddaning 2-qismi bo‘yicha – og‘ir jinoyat sifatida tasniflanishi kerak edi. Bu tergov dastlab ularning harakatlarini noto‘g‘ri tasniflaganini va keyin ishni sudga berishdan qochish uchun bundan foydalanganini anglatadimi? Buning sababi, 128-moddaning 1-qismi Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasi 5-qismi 2-bandiga to‘g‘ri keladi, ammo 128-moddaning 2-qismi bunday emas, chunki bu og‘ir jinoyat hisoblanadi.

Tahririyat Ichki ishlar vazirligiga ushbu tasnifning sababini aniqlash uchun ikkinchi so‘rov yubordi. Ichki ishlar vazirligi ish bo‘yicha ikkinchi ma’lumotnomada erkaklar o‘z ko‘rsatmalarida pulni qizga emas, balki Ro‘zimovaga to‘laganliklarini aytishganini ma’lum qildi. K.ning o‘zi ulardan hech qanday pul olmaganini tasdiqladi. Shuning uchun tergov jabrlanuvchiga bevosita “moddiy manfatlar berish” alomati yo‘q deb hisobladi va ishni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 128-moddasi 2-qismi emas, balki 1-qismi bo‘yicha tasnifladi. Nemolchi.uz tahririyati nima uchun Ro‘zimovaning O‘zbekistonda voyaga yetmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish uchun olgan puli endi jabrlanuvchiga «moddiy manfaatlar berish» deb hisoblanmasligiga hayron. Xalqaro standartlar va sog‘lom fikr buning aksini ko‘rsatadi. Pul, kim tomonidan olinganidan qat’i nazar, bola bilan jinsiy aloqa uchun maxsus to‘langan.

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotnomasida Diyorbek (2002-yilda tug‘ilgan) haqida hech narsa aytilmagan. Nemolchi.uz so‘roviga javoban Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov 2026-yil 5-fevralda tuman sudi Diyorbekning harakatlariga huquqiy baho berish uchun materiallarni tuman prokuroriga yuborganini ma’lum qildi. Tahririyat Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovga so‘rov yubordi, ammo ushbu maqolani e’lon qilish paytida unga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilganligi masalasi bo‘yicha ma’lumot olinmadi.

Irina Matviyenko tayyorladi

Oldingi maqola

Ayolning hayoti, sog‘lig‘i ustidan hamma hukmron, o‘zidan bo‘lak…
19 Noy 2025
Ayolning hayoti, sog‘lig‘i ustidan hamma hukmron, o‘zidan bo‘lak…
Muharrirdan
Anonim hikoyalar
Жиззахдаги мактаб директори қизларига тазйиқ ўтказиб, уларни мажбурлаб турмушга чиқарган, ўқиш, ишлашдан маҳрум қилган ва эркинликларини чеклаган.
10 Yanvar 2025
Жиззахдаги мактаб директори қизларига тазйиқ ўтказиб, уларни мажбурлаб турмушга чиқарган, ўқиш, ишлашдан маҳрум қилган ва эркинликларини чеклаган.

Немолчи.уз таҳририятига бир қиз мурожаат қилиб, у ва синглиси (қизлар вояга етган) онаси, Жиззах шаҳридаги 18-мактаб директори бўлмиш Шахноза Хасанова томонидан бир неча бор зўравонлик ва тазйиққа учрашганини маълум қилди. Қуйида опа-сингиллардан бирининг хабарини эълон қиламиз: «3 йилдан буён Тошкент шаҳрида ҳам ўқиб, ҳам ишлайман. 2024 йил 31 октябрь куни мени умуман норози бўлган йигитга […]

Унинг исми Зилола эди
03 Yanvar 2024
Унинг исми Зилола эди

У 2001 йилда Қашқадарё вилоятида туғилган, яхши турмуш ўртоқ, меҳрибон она бўлишни орзу қилган. Отасининг узоқ қариндоши Жаҳонгир ундан 8 ёш катта эди. У уни илк бор 2022 йил июль ойида, онаси ва синглиси билан сеп учун нарсалар олиш учун бозорга борганида кўрди. Бир ҳафтадан сўнг улар ФҲДЁ бўлимига ариза беришди, рўйхатга олиш бир ойдан […]

Тошкентда суд пичоқ билан аёлга ташланган эркакка 660 минг сўм жарима тайинлади
29 Iyun 2023
Тошкентда суд пичоқ билан аёлга ташланган эркакка 660 минг сўм жарима тайинлади

Ўша кунни Азиза (исми ўзгартирилди) аниқ-тиниқ эслаб қолди. 16 май куни болалар билан кўчага айланишга чиқишади. Телефони уйда зарядда қолади.⠀Кўчадан қайтгач, Азиза унинг атири ҳидини сезди. Бунгача собиқ эри унда квартира калитини қолганини инкор этган. Аёл ҳожатхонага кириб, ўша ерда бекиниб олди. Ўғли ҳам синглиси билан хонага кириб олади.⠀Эркак ҳожатхона эшигини тақиллатиб, очишни талаб қилади. […]

Жиззах вилоятида эркак 6-синф ўқувчисини зўрлади ва 2 йил озодликни чеклаш жазосини олди
15 Iyun 2023
Жиззах вилоятида эркак 6-синф ўқувчисини зўрлади ва 2 йил озодликни чеклаш жазосини олди

Маълум бўлишича, Жиззах вилоятида истиқомат қилувчи 21 ёшли эркак 2022 йил ёз ойларида маҳалладоши орқали уни дугонаси бўлган вояга етмаган 2010 й.т. йилда туғилган Т.К билан танишиб бир-бирларини ёқтириб қолишиб у вояга етганда бирганликда турмуш қуришлари ҳақида келишиб олади. Кузда эркак қиз яшайдиган шаҳарга боради, дугонаси иккисини айлантириб келади. Кеч бўлиб қолганлиги учун уларни шу […]

Nazima
05 May 2023
Nazima

Шахсий чегараларни бузиш болаликдан бошланади. Эсимда, ёшлигимда холаларим юзимни тортар. Бундан норозилик билдирсам онам менга “Ўзингни яхши тут”, дердилар. Ёки катталардан бирини ўпишимни айтишса, кўзимни юмиб чидардим. Буларнинг барчаси менга ёқмасди – бу катталар, уларнинг сўлаги, бегона ҳидлар …Ўсмирлигимда кўп ёлғиз қолишни истардим. Мусиқа тинглаб, кўзгу олдида рақсга тушардим ёки китоб ўқирдим. Лекин хонамнинг эшиги […]

Менинг исмим Ҳуснора, 32 ёшдаман.
28 Aprel 2023
Менинг исмим Ҳуснора, 32 ёшдаман.

Тошкентдан узоқда жойлашган кичик бир шаҳарчада ўсганман. Оилабоши қаттиққўл ота бўлган оилада ўсганман. Сингилларим ундан жуда қўрқишар ва мен дадамга хотиржамлик билан эътироз билдиришимга доим ҳайрон бўлишарди. Биз ҳар куни уй ва боғда ишлардик: ёғоч полларни қўлда ювардик, бармоқларимиз доимо қавариб кетарди. Эрталаб мактаб олдидан мол боқиш учун кетардик, дарсдан кейин қафас ва катакларни тозалардик. […]

Tegishli barcha maqolalar
top