Sirdaryoda bir ziddiyat yuzaga keldiki, uning muhokamasi hanuz feysbukdagi bahslar oloviga kerosin sepmoqda: erkak shifokorni bemor ayolga oʻtirib olishga yordam bergani va uning qorin sohasini ushlab, ahvolini tekshirgani uchun kaltaklashgan, militsiya esa faqat yarashtiruv bilan cheklangan. Keyinchalik, agressorlar “15 sutka” bilan “siylangan”. Mazkur hodisa agressiyaning mahalliy ko‘rinishi emas. Bu yanada chuqur muammoning aksidir: patriarxal jamiyatlarda ayollar koʻpincha xavfsiz va oʻz vaqtida tibbiy yordam olish huquqidan mahrum etiladi, mutaxassislar — ayniqsa erkak shifokorlar esa oʻz ishlarini bajarishga uringanlarida bosim, tahdid va zoʻravonlikka duch keladilar. Bunday holatlar ayol tanasi ustidan nazorat qilishga qaratilgan madaniy normalar davolanishga toʻgʻridan-toʻgʻri toʻsiq boʻlishi mumkinligini va nafaqat ayollar xavfsizligiga, balki tibbiyot tizimining umumiy sifatiga ham qanday taʼsir qilishini koʻrsatadi. Va paradoks shundaki, oʻz xotinlari, onalari, qizlari uchun ayol tibbiyot xodimlarini talab qiladigan erkaklar, oʻzlari ayol tibbiyot xodimlaridan yordam olishga eʼtiroz bildirmaydilar. Hatto yana ham gʻalatiroq tomoni, bu talab qiluvchilar oʻz «ayollarini» tibbiy taʼlim olishlari uchun oʻqishga yaqinlashtirmaydilar, ya’ni, o‘zlari talab qilgan ayol shifokorlarni “yetishtirib berish”da ishtirok etmaydilar. Ayollarni o‘qitishdan “qo‘rqadilar”.
Umumiy manzaraga nazar tashlaydigan bo‘lsak, patriarxat ayollarning zaruriy/oʻz vaqtida tibbiy yordam olishlariga jiddiy toʻsiqlar yaratadi, ayniqsa shoshilinch vaziyatlarda. Bu shunchaki nazariya emas, balki turli mamlakatlardan olingan maʼlumotlar bilan tasdiqlangan haqiqatdir. Qaror qabul qilishda erkaklar ustunlik qiladigan tizimlarda — xoh u oilada, xoh jamiyatda, xoh sogʻliqni saqlash sohasida boʻlsin — ayollar koʻpincha kamsitishlarga duch kelishadi: ularning ogʻrigʻi past baholanadi, yordam stereotiplar tufayli kechiktiriladi, yoki shunchaki eridan yoki otasidan «ruxsat» olmasdan shifokorga murojaat qilish taqiqlanadi. Bu koʻplab ayollarning ogʻir oqibatlar bilan yakkama-yakka qolishiga yoki oldini olish mumkin boʻlgan eng oddiy kasalliklardan, eng oddiy sabablardan vafot etishiga olib keladi.
Keling, aniq maʼlumotlarga qaraylik: patriarxal urf-odatlar tufayli qancha ayol shoshilinch/zaruriy tibbiy yordamni ololmaydi, buning natijasida qancha ayol nogiron boʻlib qoladi va qancha ayol vafot etadi? Va ularning qanchasiga tibbiy yordam olishga ruxsat bermaganlarning oʻzlari jarohat/shikast yetkazadi? Nechta ayolga yaqinlari tibbiy yordam olishni taqiqlaydi, qanchasiga esa begona odamlar shunchaki yordam bermaydi (masalan, Afgʻonistondagi zilzilada ayollarga «nomahramlarga tegish shariatda mumkin emas» degan bahona bilan yordam berishmadi/qutqarishmadi).
Mana aniq maʼlumotlar: global miqyosda gender farqi har yili yomon parvarish yoki erta oʻlimlar tufayli 75 million yil sogʻlom hayotni yoʻqotishga olib keladi, va bu bevosita ayollar ehtiyojlarini eʼtiborsiz qoldiradigan patriarxal normalar bilan bogʻliq.
Oʻlimlar boʻyicha aniq maʼlumotlar: eng yorqin misollardan biri — onalar oʻlimi, bu yerda gender tengsizligi tufayli yordam kechikishlari asosiy rol oʻynaydi. JSST maʼlumotlariga koʻra, 2020 yilda homiladorlik va tugʻishdagi asoratlardan 287 mingga yaqin ayol vafot etgan va bu oʻlimlarning aksariyati (taxminan 73%) past va oʻrta daromadli mamlakatlarda sodir boʻladi, bu yerda patriarxat ayollarning sogʻliq haqida qaror qabul qilishdagi avtonomiyasi yoʻqligi kabi toʻsiqlarni kuchaytiradi.
Gender kamsitishlari ayniqsa kuchli boʻlgan Janubiy Sahro (SubSahro, Afrika)da onalar oʻlimi darajasi 100 000 tirik tugʻilishga 542 taga yetadi — global oʻrtachadan (211) ikki yarim barobar yuqori, va tadqiqotlar ayollarning oilada erkak nazorati yoki madaniy normalar tufayli oʻz vaqtida yordam soʻrashga qodir emasligi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliqligini koʻrsatadi. AQShda (bu yerda patriarxat irqiy va gender kesishuvida namoyon boʻladi,) qora tanli ayollar oq tanli ayollarga nisbatan 3–4 baravar koʻproq tug‘uruq paytida vafot etadi (100 000 ga 50,3 ga qarshi 11,1) va bunday oʻlimlarning 84% gacha oldini olish mumkin bo‘lgan holatlar, ammo shifokorlarning notoʻgʻri fikr/qarashlari tufayli tashxis va parvarishdagi kechikishlar vaziyatni ogʻirlashtiradi. Tolibonlar qo‘li ostidagi Afgʻoniston — bu yerda shariat erkaklarning ayollar bilan aloqasini taqiqlash sifatida talqin qilinadi, 2025 yildagi zilzila paytida minglab ayollar vayronalar ostida qutqaruvsiz qoldi, chunki erkak jamoalar ularni tortib olishdan bosh tortdi, bu ayollar orasida yuzlab qoʻshimcha oʻlimlarga olib keldi.
Nogiron boʻlib qolgan yoki mayib boʻlgan ayollar haqida: patriarxat sabab sifatida ko‘rsatilgan aniq global statistika/raqamlar yoʻq, chunki statistika koʻpincha gender omilini hisobga olmaydi, ammo bilvosita maʼlumotlar vaziyatning qo‘rqinchli koʻlamini koʻrsatadi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda ayollardagi nogironlik holatlarining 80% gacha tugʻish asoratlaridan (gemorragiyalar, infeksiyalar, obstruktsiya) kelib chiqadi — bu gender normalari sabab boʻlgan shoshilinch yordamning kechikishi natijasidir va har yili millionlab ayollar bunday nogironlikka duchor bo‘ladilar. Umuman olganda, past va oʻrta daromadli mamlakatlarda nogironligi boʻlgan ayollar barcha imkoniyati cheklanganlarning taxminan 75% ni tashkil qiladi va patriarxat bu vaziyatni ogʻirlashtiradi, ayollarni parvarishga boʻlgan qondirilmagan ehtiyojlarga nisbatan uch barobar zaif qiladi, bu esa davolanmagan jarohatlar yoki tugʻuruqdan keyingi asoratlar kabi surunkali muammolarga olib keladi. Masalan, Nepalda, bolalar nikohlari va avtonomiyaning yoʻqligi kabi patriarxal amaliyotlar tugʻuruq jarohatlaridan nogiron boʻlgan ayollarning marjinallashgan holda qolishiga, reabilitatsiyaga ega boʻlmasligiga olib keladi.
Endi kim yordam berishdan bosh tortib, bu jarohat yoki shikastlarni yetkazayotgani haqida. Birinchidan, yaqin qarindoshlar: patriarxal oilalarda erlar, otalar yoki aka-ukalar koʻpincha ayollarga shifokorga murojaat qilishni taqiqlaydilar, buni «uyat» deb hisoblab yoki resurslarni «erkaklarning» ehtiyojlariga sarflaydilar. Afrika va Osiyoda tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, onalik parvarishidagi kechikishlarning 30–50% hollarda oilaviy qaror aybdor boʻladi, bu yerda ayollar avtonomiya huquqidan mahrum. Bu har yili minglab oʻlim va nogironliklarga olib keladi. Masalan, Hindiston va Pokistonda oilalar davolanish uchun transport yoki pul berishdan bosh tortadilar, bu bevosita ayol tanasi ustidan nazorat bilan bogʻliq. Ikkinchidan, begona shaxslar yoki jamiyat: 2025 yilgi Afgʻoniston zilzilasi kabi falokatlarda qutqaruvchilar (erkaklar) «nomahramlarga tegish»ni taqiqlovchi shariat tufayli vayronalar ostidagi ayollarni eʼtiborsiz qoldirdilar — natijada yuzlab ayollar halok boʻldi yoki nogiron boʻlib qoldi, chunki erkaklardan tuzilgan qutqaruvchi jamoalar shunchaki yonidan oʻtib ketdi, ayol qutqaruvchilar shunchaki mavjud emas, axir u yerda ayollarga taʼlim olish va ishlash mumkin emas.
Boshqa e’tiqodiy kontekstlarida yoki konservativ jamiyatlarda ham shunga oʻxshash holat, bu yerda diniy normalar gender segregatsiyasini hayotdan ustun qoʻyadi, — bu alohida holatlar emas, balki har bir yirik falokatda yuzlab hayotni olib ketadigan tizimli muammo borligining yaqqol dalilidir.
Xulosa qilib aytganda, patriarxat shunchaki «toʻsqinlik qilmaydi,» u “kayfiyatiga ko‘ra,” ayollarning hayoti va sog‘lig‘ini o‘yin qiladi — oʻldiradi va mayib qiladi. Raqamlar shuni koʻrsatadiki, normalar va tizimlardagi oʻzgarishlarsiz (qizlarning taʼlimidan tortib genderga sezgir tibbiyotgacha) hech narsa oʻzgarmaydi. Bu fatalizm emas, balki harakatga chaqiriqdir: JSST maʼlumotlari gender toʻsiqlarini bartaraf etish onalar oʻlimining 70% gacha oldini olishi mumkinligini tasdiqlaydi.
Oʻzbekiston boʻyicha aniq maʼlumotlar… yoʻq. Ammo ayollarning erkak tibbiyot xodimlaridan tibbiy yordam olishi mumkin emasligi haqida gap ketganda — ijtimoiy tarmoqlarda qizgʻin bahslar olovi gurillaydi, «oʻz ayoliga» «erkak qoʻlidan» yordam olishga ruxsat bermagan kishi qahramon o‘rnida qabul qilinadi. Esimda, qachonlardir omon qolish uchun yuragida operatsiya qildirgan ayollarni erkak shifokor operatsiya qilganini tanqid qilishgan edi. Va aynan shu tanqid bilan bu ayollarning hayotini doʻzaxga aylantirishgan, ularning erlarini esa dayuslikda ayblashgan. Men bunga zarracha ham shubha qilmayman. Bizda ayolning hayoti, sogʻligʻi ustidan uning o‘zidan bo‘lak hamma hukmron, hatto, mahallaning laycha iti ham. Baxtga qarshi…
© Jayra