Hikoyani yuboring
burger x
#Jabrlanganlar uchun ko'rsatmalar

Jizzaxlik qiz onasining tashabbusi bilan majburiy nikoh, kaltaklashlar va o‘g‘irlangani haqida gapirdi

Jizzaxlik qiz onasining tashabbusi bilan majburiy nikoh, kaltaklashlar va o‘g‘irlangani haqida gapirdi
21 Yan 2025

Avvalroq Jizzaxdagi maktab direktori qizlarining so‘zlariga ko‘ra, ularni kaltaklagani, o‘g‘irlagani va erga tegishfa majburlagani haqida yozgan edik. Ayni paytda ichki...

Avvalroq Jizzaxdagi maktab direktori qizlarining so‘zlariga ko‘ra, ularni kaltaklagani, o‘g‘irlagani va erga tegishfa majburlagani haqida yozgan edik. Ayni paytda ichki ishlar organlari jabrlanuvchilarning so‘zlari asosida faktlarni tekshirmoqda, biz esa qizlarning ulardan birining so‘zlariga ko‘ra qanday yashaganliklari bilan bo‘lishmoqchimiz:

“Mening ismim Sevinch, 2004-yilda tug‘ilganman. Oilada ikkita qizmiz, men va singlim. Uyimizda tez-tez janjal bo‘lardi, bunga qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shnilar guvoh bo‘lishardi. Bolaligimizda onam har xil «ayb ishlarimiz» uchun jazo sifatida bizga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llagan.

Men 16 yoshimdan Jizzaxda ish boshlaganman. Oradan bir necha yil o‘tgach, meni kompaniyamizning Toshkentdagi ofisiga ishga taklif qilishdi. Men poytaxtdagi universitetga o‘qishga kirdim, ishladim, moliyaviy mustaqillikka erishdim va onamga moddiy yordam bera boshladim. Onam Jizzax shahridagi 18-maktab direktori. Onam negadir men buncha pulni o‘zim topa olmasligimni pesh qilib, topgan pullarimni aslida boy oshig‘im bermoqda deb ayblay boshladi. Men buni inkor etishga qanchalik urinmay, u meni eshitmadi. Onam Toshkentda bir hamkasbim bilan ijarada yashashimni bilar edi. U odobli, yaxshi qiz, u ham ko‘p ishlaydi. Ba’zida do‘stlarim, sinfdoshlarim yoki singlim bilan kafega borardim. Onam ijtimoiy tarmoqdagi postlarimni ko‘rib, bu kafe juda qimmat ekanligini, sevgilim meni u yerga taklif qilganini aytib, shu bilan birga fohishalikda ayblay boshladi.

Onam ishlash, o‘qishimga qo‘ymasdi. U vaqti-vaqti bilan kelib, meni majburan Jizzaxga olib ketardi. Agar rad etsam, meni urib, baribir olib ketardi. 2-3 kun uyda saqlagach, Toshkentga qaytarib yuborardi. Xodimi hech qanday sababsiz ogohlantirishsiz muntazam ravishda yo‘qolib qolishi qaysi ish beruvchiga ham yoqardi? Har safar meni Toshkentdan olib ketganida telefonimni olib qo‘yib, barcha yozishmalarni o‘qib chiqar, ijtimoiy tarmoqlar, qo‘ng‘iroqlar va kontaktlarni tekshirar edi. U butun kontaktlarimni telefonimdan ko‘chirib olib, undagi har bir erkakni o‘ynashim deb hisoblardi.

2024-yil avgust oyida onam Shaxnoza Xasanova meni o‘z dugonasining o‘g‘liga turmushga berishga qaror qildi, men uni hatto tanimasdim. Men unga erga tegishga qat’iyan qarshi edim. Onamning o‘zi u bilan mening nomimdan yozishganini keyinroq bilib qoldim. To‘y kunigacha u bilan gaplashmadim, to’yda ham umuman gapirmadim.

Oktyabr oyining boshida, odatdagidek, ishdan uyga qaytganimda, unashtirilganimdan xabar topdim. Qarindoshlarim tabriklay boshlashdi, so‘rasam, bo‘lib o‘tgan unashtiruv va bo‘lajak to‘y haqida gapirib berishdi. Onam uyga mehmonlarini chaqirdi. Uning do‘stlari (biri yurist) qochib ketsam ham, ichki ishlar idoralari orqali qaytarib olib, ruhiy xastalilar kasalxonasiga yotqizamiz, deb qo‘rqitishdi.

Qolaversa, bilishimcha, men Jizzaxda bo‘lmaganimda onam mening nomimdan o‘sha yigit bilan birga FHDYo bo‘limiga ariza berishgan ekan. Men unga erga tegishga rozi emasligim, meni eshitishlarini va tushunishlarini so‘radim. Hali turmush qurish niyatim yo‘q edi, men o‘qishni, ishlashni xohlardim va o‘sha yigitni umuman tanimasdim. Bunga javoban qarindoshlarim va onam mendan voz kechishlarini va endi meni oilam deb hisoblamasliklarini aytib tahdid qila boshladilar. Onam to‘yga rozi bo‘lmasam o‘z joniga qasd qilish bilan qo‘rqitardi, chunki unashtiruv bo‘lib o‘tgan va uni qaytarsak, bu sharmandalik oilamizda qora dog‘ bo‘lib qolishini pesh qilardi. Qarindoshlar, onamning nazoratidan qutulishning yagona yo‘li turmush qurish ekanligini aytishardi. Men ham turmush qurishdan boshqa ilojim yo‘q, deb o‘ylab qoldim. Har kuni menga bosim o‘tkazib, roziligimni talab qilishardi. Baribir rozi bo’lmayman, dedim. Agar meni ZAGSga olib borishsa, «yo‘q» deyman, shar’iy nikoh o‘qitmoqchi bo‘lishsa ham qarshi bo‘laman deb o‘ylardim.

Oktyabr oyida singlim bilan meni yana Jizzaxga olib ketishdi. Bir haftalik izolyatsiyadan so‘ng 2-3 haftadan keyin to‘y bo‘lishini aytishdi. Qarshiligimga qaramay, nikoh marosimi 2024-yil 31-oktabrda ZAGS yoki diniy nikohsiz o‘tkazildi. To‘ydan oldin pasportlarim, telefonlarim onamda bo‘lgan, to‘ydan keyin esa kuyovning onasiga berildi.

To‘y oqshomidan so‘ng, meni majburan «erimning» uyiga olib ketishdi. Uning uyida bizdan tashqari ota-onasi va ukasi yashar edi. To‘ydan keyin uning 5 opasi biznikida qolishdi. Har oqshom onam, ammalarim va uning onasi tomonidan nikoh kechasi bo‘lishi uchun menga bosim o‘tkazilardi. Ammo men kuyovga yaqinlashishni qat’iyan rad etdim va menga tegishiga ruxsat bermadim. Uchinchi kechada deyarli barcha qarindoshlarim «erim»ning uyiga kelishdi: onam, xolalarim, amakilarimning xotinlari. Ular meni va mening «erimni» yotoqxonaga majburan kirgizib, nikoh kechasini o’tkazmagunimizcha xonadan chiqishimizni taqiqlashdi. Ular xona eshigidan tashqarida o‘tirib, har ikki soatda eshikni ochib, bo‘ldimi, deb so‘rashaverdi. Bu dahshat taxminan ertalab soat 6 ga qadar davom etdi. Biroq, hech narsa bo‘lmadi, shuning uchun onam va mening «qaynonam» meni bokiraligimni tekshirish uchun ertalab avval bir klinikaga, keyin boshqasiga olib borishdi. Men ultratovush tekshiruvidan o‘tishga majbur bo‘ldim, keyin ginekologlarga ko‘rsatishdi ular nikoh kechasida hech narsa bo‘lmaganini tasdiqlashdi.

Bu shifokorlarga ishonmay, meni ikkinchi tekshiruvdan o‘tkazish uchun boshqa klinikaga olib borishdi. Bu ginekolog ham qizlik pardasi joyida ekanini tasdiqladi, keyin mening ahvolimni ko‘rib, qaynonam va erimdan chiqib turishlarini so‘radi. Biz yolg‘iz qolganimizdan keyin u nima bo‘layotganini so‘radi, men unga bor narsani gapirib berdim, shundan so‘ng u ichki ishlarga qo‘ng‘iroq qilishni taklif qildi. Bu mening yagona yo‘lim ekanligini tushunib, shifokordan oilaviy zo‘ravonlik haqida xabar berishini so‘radim. Huquq-tartibot idoralari xodimlari kelguniga qadar men shifokorning kabinetida edim. Keyin meni, qaynonamni, “erimni” ichki ishlar bo‘limiga olib borishdi, tushuntirish xati yozdim. Qo‘rqib ketgan qaynonam meni qo‘yib yuborishini, muammo bo‘lmaydi, dedi. Shu o‘rinda men masala yopildi deb o‘yladim.

Bularning barchasi to‘ydan keyin oltinchi kuni sodir bo‘ldi. O‘sha kuni meni va singlimni uyga olib ketishdi va «tarbiyalash» uchun uyga qamashdi. Yana “erimning” uyiga majburan qaytarilishimdan qo‘rqib, profilaktika inspektori meni tinglamaguncha, xonani qulflab, u yerdan chiqishdan bosh tortdim. Singlim va mening telefonimiz bo‘lmagani uchun oynadan baqirib yordam so‘rashga majbur bo‘ldik. Xayriyatki, o‘tkinchilardan biri ichki ishlarga qo‘ng‘iroq qildi. Mojaro natijasida 2024-yil 8-noyabr kuni singlim va menga onamizning hatti-harakatlaridan birinchi himoya orderini berishdi va bizni reabilitatsiya markaziga joylashtirishdi. Oradan bir-ikki kun o‘tib reabilitatsiya markaziga onamning Toshkentda yashovchi dugonasi keldi. O‘sha paytda men onam unga umuman yo‘q o‘ynashlarim haqida, boshqa mamlakatga fohishalik bilan shug‘ullanish uchun ketmoqchi ekanligim haqida gapirib berganini bilmasdim. Onamning dugonasi o‘z roziligimiz bilan reabilitatsiya markaziga joylashtirishdan bosh tortganligi to‘g‘risida ariza yozishga bizni ko‘ndirdi, shuningdek, onam bundan buyon o‘zini bunday tutmasligiga, u bilan gaplashib, hammasini tushuntirib berishga va’da berdi. Biz onamning dugonasiga ishonardik. Va ariza yozib, ikki kunda reabilitatsiya markazidan chiqib ketdik. Shundan keyin onamning dugonasi bizni Jizzaxga olib ketdi.

Lekin hech narsa o‘zgarmadi. Uy ostonasidan o‘tishim bilan onam meni kaltaklay boshladi. Yana telefonimni olib, uyga qamab qo‘ydi. Yana onam uni sharmanda qilayotganimni, atrofdagilar gap-so‘ziga qolganini aytib, meni “erimga” qaytishga majbur qila boshladi. Nemolchi.uz bilan bog‘lanib, yordam so‘rashga muvaffaq bo‘ldim. Uyimizga uchastka inspektori keldi. Nemolchi.uzdan tashqari Inson huquqlari qo‘mitasiga ham murojaat qildim. Bundan xabar topgan onamning jahli chiqdi. Avvaliga u mahalliy ichki ishlar xodimiga hech qanday dahshatli narsa bo‘lmaganini tushuntirdi, u meni noto‘g‘ri yo‘lga tushib qolganimni va erim bilan yashashni xohlamasligimni, bu oilaviy masala ekanligini va u aralashmasligi kerakligini aytdi. Men bunga e’tiroz bildirdim va uchastka noziridan yordam so‘radim. Lekin u meni eshitmaganga o‘xshardi. Onam battar jahli chiqib, uchastka nozirining oldida meni kaltaklay boshladi. Men onamning qo‘lidan chiqib uning formasiga yopishib oldim, meni olib ketishni iltimos qildim. Qo‘lidan hech narsa kelmasligini aytdi va hech qanday chora ko‘rmay ketdi. Keyinroq onam menga tahdid qilib, Inson huquqlari qo‘mitasiga va uchastka noziriga topshirilgan arizani rad etish to‘g‘risida ariza yozishga majbur qildi, shunda u rahbariyatga ariza “yopildi” deb xabar beradi.

Onamning dugonasi bir-ikki kunga biznikiga keldi va onamni Toshkentga ketishimizga ruxsat berishga ko‘ndirdi. Shu bilan birga, onam meni “erim”ga qaytarishga harakat qilishdan hali ham voz kechmadi. Bosim nafaqat undan, balki boshqa qarindoshlaridan ham bo‘lgan. Yangi yil oldidan vaziyat yana takrorlandi. Ammo endi onam singlim ham «buzilishidan» qo‘rqib, singlimga ham bosim o’tkaza boshladi. Biz Jizzaxga qamalib qolganimizda u singlimning o‘qish va ish joyiga borib, og‘ir xastaligi va moddiy muammolari borligi, qizi unga qarashi kerakligi, shu sababli singlimni sirtqi bo‘limga o‘tkazishlarini so‘rab singlimning xabarisiz ariza yozgan. Yangi yildan so’ng poytaxtga qaytib, singlim va men yangi kvartiraga ko’chib o’tdik va yangi manzilni hech kimga aytmadik. Ammo ular bizni baribir topishdi.

Onam yarashish bahonasida uyimizga keldi. Bizni yana uyga olib ketishidan qo’rqdik va mening qo’rquvim oqlandi. Onamning ortidan kvartiraga ba’zi erkaklar kirib kelishdi. Men ariza yozishni boshladim, unda onam mening hujjatlarimni va telefonimni olib qo’yganligini ko’rsatdim. Yozayotganimda uchastka noziri qo’llarimdagi ko’karishlar haqida so’radi, men unga onam meni yaqinda kaltaklaganini aytdim. Buni arizada ko’rsatishimni ham so’radi, men yozdim. Men, shuningdek, onamning qilmishlariga nisbatan menda Jizzaxda bo‘lganimda chiqarilgan ikkinchi himoya orderi borligini aytdim. Shu payt onam uchastka noziridan chiqib “gaplashish”ni so‘radi. Men ular nima haqida gaplashayotganini eshitmadim, lekin ariza yozayotgan oshxonaga qaytganimda, ichki ishlar xodimi birdan o‘zgarib qoldi. Men undan onam bilan kelgan erkaklarni kvartiradan chiqib ketishlarini iltimos qila boshladim, lekin onam ular go’yo mening ukalarim ekanligini aytib, e’tiroz bildira boshladi. Bu g‘irt yolg’on edi – ular onamning ishchilari edi. Xodim ulardan tashqariga chiqishni so‘radi.

Onam meni va singlimni tinchlantirishni boshladi, u hozirgina mehmonga kelganini, u bizni hech qayerga olib ketmasligini, biz shunchaki o’tirib gaplashamiz va keyin u ketadi. Tushuntirish xati yozayotganimda onam singlimdan axlatni tashlashni iltimos qildi. Singlim tashqariga chiqib qaytib kelmadi. Keyinroq bilishimcha, uy yonida onam bilan kelgan ikki erkak uning og’zini yopib mashinaga o’tqazishgan. Barcha hujjatlarni to‘ldirarkanman, nimadandir bezovta bo‘ldim, singlim shuncha vaqt qolib ketganidan havotirlandim. Men uchastkovoydan ketmaslikni va onamni kvartiradan chiqib ketishga majburlashni so’ray boshladim. Keyingi daqiqada kvartiraga ikki erkak kirganini ko’rdim. Xodimning ko‘z o‘ngida ular meni ko‘tarib (biri qo‘llarimdan, ikkinchisi oyog‘imdan ushlab turdi) va olib chiqishga harakat qilishdi. Men uchastkovoydan yordam so‘rab qichqira boshladim. Lekin u hech narsa qila olmasligini aytdi. Og‘zimni yopib, qo‘llarimni bog‘lab, mashinaga o‘tqazishdi.

Avvaliga bizni Jizzaxga uyimizga olib borishdi, lekin mashinadan tushmadik. Onam bizni shahardan dalaga olib chiqib, «tarbiyalab qo‘yishlarini» aytdi. Biz viloyatga chiqdik, kech tushib bo‘lgandi. Mashina qorong’i, kimsasiz joyda to’xtadi, bizni mashinadan chiqarishdi, erkaklar qo‘liga tayoq olishdi. Singlimning qo‘lida telefon bor edi. Uni kuch bilan olib qo‘yishdi. Biroz vaqt o’tgach, onamning kim bilandir gaplashayotganini eshitdim. U bizni mashinaga ortib, qaysidir qishloqqa olib borib, o‘sha yerda qamab qo‘yishni aytdi. Vaqt taxminan yarim tun edi. Biz yana ketdik. Bir soatdan ko’proq vaqt o’tgach, bizni Jizzaxga olib kelishdi, uyga olib ketishdi va barcha aloqa vositalarini olib qo’ygan holda xonaga qamab qo’yishdi. Ertasi kuni onam tinchisa, dugonasiga qo’ng’iroq qilsak, u bilan gaplashib olishini o’ylab, biroz tinchlandik. Onam bilan birovning suhbatidan bildikki, bizni Toshkentga boshqa qo‘ymay, “qayta tarbiyalash” uchun qayergadir jo‘natadi.

Biz qo’rqib ketdik. Televizorning Wi-Fi tarmog‘i orqali Instagram’ga kirdik va yana Nemolchi.uz’ga murojaat qildik. O‘sha kuni uyga ichki ishlar xodimlar keldi, lekin onam eshikni ochmadi. Onamni ularning kelishidan uchastkovoy ogohlantirgan. Ertasi kuni onam bizni hech kim topa olmaydigan joyga olib borish haqida gapirayotganini eshitdik. Onam yuqori qavatda yashovchi xolamiznikiga chiqishimizni buyurdi. Keyinroq bilishimcha, o‘sha paytda uyimizga prokuror sanktsiyasi bilan komissiya kelgan. Va bu safar uchastka noziri onamni bu haqda yana ogohlantirdi, shuning uchun u bizni yuqori qavatdagi kvartiraga yashirdi. Onam komissiyaga Toshkentga qochib ketganimizni aytdi. Biroq ular onamga ishonishmadi va xotin-qizlar bilan ishlash inspektorining mas’uliyatli faoliyati tufayli biz yuqoridagi xonadonga yashiringanimiz ma’lum bo’ldi.

Komissiya bizni topib, u yerdan olib ketdi. Singlim bilan bo‘lgan voqeani aytib berdik, ariza yozdik va kaltaklanganimizni hujjatlashtirish uchun ekspertizaga yo‘naltirishdi. Keyin bizga himoya orderlari berildi va shahrimizdagi birlamchi tibbiy yordam xonasiga joylashtirildi. Ammo onamiz bizga hujjatlarimizni ham, telefonlarimizni ham qaytarmadi. Jizzaxda qolish xavfli ekanini tushundik: onamning aloqalari bor edi va ular yordamida har qanday masalani hal qila olardi. Turli davrlarda tuman/shahar/viloyatimizning turli davlat idoralarida rahbar lavozimlarda ishlagan. Shahar prokurori uning sinfdoshi edi. Hatto shahar hokimi ham onamga qarshi chiqmasligiga ishonchim komil edi. Ozodlikka chiqqanimizning ertasiga erta tongda singlim bilan bu boshpanadan qochib, Toshkentga keldik.

Biz bir dugonamizning uyiga yashirindik. Keyinchalik ular bizni qidira boshlashdi, biz buni tanishlar orqali bilib oldik. Jizzaxlik xotin-qizlar bilan ishlash inspektori bilan bog‘lanib, ishonchli joyda ekanimizni ma’lum qildik. Ertasi kuni onamning dugonasi bilan bog‘landik. U bizni qo’llab-quvvatladi, onamiz bizga tuhmat qilganini tushundi va yordam berishga va’da berdi. Biz u va uning qizi bilan birga o‘sha erkaklar uyimizdan olib chiqishiga indamay qarab turgan uchastka inspektori huzuriga bordik. Ma’lum bo‘lishicha, u uch hafta davomida mening arizam bilan nafaqat ishlamagan, balki qonun talabiga binoan ro‘yxatdan o‘tkazmagan ham! Bu vaqt davomida men singlim bilan dahshatli voqealarni boshdan kechirarkanmiz mening arizam uning ish stolida yotgan ekan.

Ishga qaytishga muvaffaq bo‘ldik, lekin hamkasblarimizni agar bizni izlashsa biz haqimizda hech narsa bilmaganday tutishlarini so‘radik. Vaziyatni tushungan ish beruvchilar bizga yordamga kelishdi. Bizni topib olmasliklari uchun ishga orqa eshikdan kirishga majburmiz. Biz haligacha bu dahshat yana sodir bo’lishi va bizni himoyalanmasligimizdan qo’rqib yashamoqdamiz. Axir ikki marta ichki ishlar xodimlari ko‘z o‘ngida bizni kaltaklashdi va majburan ozodlikdan mahrum qilishdi.

Hozirda singlim va menda bir nechta himoya orderlari bor, lekin onamiz hech qachon himoya orderlari talablarini buzganligi uchun javobgarlikka tortilmagan. Bilishimcha, unga nisbatan haqorat qilgani uchun bir necha marta ma’muriy va jinoiy ish ochilgan. Bilishimcha, maktabdagi qo’l ostidagi xodimlari unga qarshi haqorat qilgani bo’yicha ariza yozishgan, ammo bu ishlar qanday tugaganini bilmayman. Umid qilamanki, uning menga va singlimga qilgan qilmishlari jazosiz qolmaydi. Engil tabiat qizlar ekanimizni, poytaxt hayoti boshimizni aylantirib, ayrim oshiqlarning boyligiga tushib qolganimizni do‘stlarimizdan eshitib charchadik. Lekin singlim va men astoydil ishlaymiz, bir nechta xorijiy tillarni bilamiz va yaxshi o‘qimoqdamiz.

Avvallari kimnidir majburlab turmushga berishganini eshitsam hayron bo‘lib: “Bo‘lishi mumkinmi? Qanday qilib odamni erkiga qarshi turmushga chiqishga majburlashlari mumkin? Axir hayot faqat o‘zimizniki, uni tasarruf etishga hech kimning haqqi yo‘q”, deb o‘ylardi. Shu dahshatlarni boshimdan kechirib, majburan turmushga chiqqan qizlar nimalarni boshidan kechirishini endi tushuna boshladim. Jamiyatimizda bunday “urf-odatlar” hali ham borligidan juda afsusdaman, buni qoralamasdan aksincha qo‘llab-quvvatlab, “ko‘nikasan, sevgi to‘ydan keyin keladi” deb ishontirishadi.

Oldingi maqola

Жиззахдаги мактаб директори қизларига тазйиқ ўтказиб, уларни мажбурлаб турмушга чиқарган, ўқиш, ишлашдан маҳрум қилган ва эркинликларини чеклаган.
10 Yan 2025
Жиззахдаги мактаб директори қизларига тазйиқ ўтказиб, уларни мажбурлаб турмушга чиқарган, ўқиш, ишлашдан маҳрум қилган ва эркинликларини чеклаган.
Muharrirdan
Anonim hikoyalar
Жиззахдаги мактаб директори қизларига тазйиқ ўтказиб, уларни мажбурлаб турмушга чиқарган, ўқиш, ишлашдан маҳрум қилган ва эркинликларини чеклаган.
10 Yanvar 2025
Жиззахдаги мактаб директори қизларига тазйиқ ўтказиб, уларни мажбурлаб турмушга чиқарган, ўқиш, ишлашдан маҳрум қилган ва эркинликларини чеклаган.

Немолчи.уз таҳририятига бир қиз мурожаат қилиб, у ва синглиси (қизлар вояга етган) онаси, Жиззах шаҳридаги 18-мактаб директори бўлмиш Шахноза Хасанова томонидан бир неча бор зўравонлик ва тазйиққа учрашганини маълум қилди. Қуйида опа-сингиллардан бирининг хабарини эълон қиламиз: «3 йилдан буён Тошкент шаҳрида ҳам ўқиб, ҳам ишлайман. 2024 йил 31 октябрь куни мени умуман норози бўлган йигитга […]

Унинг исми Зилола эди
03 Yanvar 2024
Унинг исми Зилола эди

У 2001 йилда Қашқадарё вилоятида туғилган, яхши турмуш ўртоқ, меҳрибон она бўлишни орзу қилган. Отасининг узоқ қариндоши Жаҳонгир ундан 8 ёш катта эди. У уни илк бор 2022 йил июль ойида, онаси ва синглиси билан сеп учун нарсалар олиш учун бозорга борганида кўрди. Бир ҳафтадан сўнг улар ФҲДЁ бўлимига ариза беришди, рўйхатга олиш бир ойдан […]

Тошкентда суд пичоқ билан аёлга ташланган эркакка 660 минг сўм жарима тайинлади
29 Iyun 2023
Тошкентда суд пичоқ билан аёлга ташланган эркакка 660 минг сўм жарима тайинлади

Ўша кунни Азиза (исми ўзгартирилди) аниқ-тиниқ эслаб қолди. 16 май куни болалар билан кўчага айланишга чиқишади. Телефони уйда зарядда қолади.⠀Кўчадан қайтгач, Азиза унинг атири ҳидини сезди. Бунгача собиқ эри унда квартира калитини қолганини инкор этган. Аёл ҳожатхонага кириб, ўша ерда бекиниб олди. Ўғли ҳам синглиси билан хонага кириб олади.⠀Эркак ҳожатхона эшигини тақиллатиб, очишни талаб қилади. […]

Жиззах вилоятида эркак 6-синф ўқувчисини зўрлади ва 2 йил озодликни чеклаш жазосини олди
15 Iyun 2023
Жиззах вилоятида эркак 6-синф ўқувчисини зўрлади ва 2 йил озодликни чеклаш жазосини олди

Маълум бўлишича, Жиззах вилоятида истиқомат қилувчи 21 ёшли эркак 2022 йил ёз ойларида маҳалладоши орқали уни дугонаси бўлган вояга етмаган 2010 й.т. йилда туғилган Т.К билан танишиб бир-бирларини ёқтириб қолишиб у вояга етганда бирганликда турмуш қуришлари ҳақида келишиб олади. Кузда эркак қиз яшайдиган шаҳарга боради, дугонаси иккисини айлантириб келади. Кеч бўлиб қолганлиги учун уларни шу […]

Nazima
05 May 2023
Nazima

Шахсий чегараларни бузиш болаликдан бошланади. Эсимда, ёшлигимда холаларим юзимни тортар. Бундан норозилик билдирсам онам менга “Ўзингни яхши тут”, дердилар. Ёки катталардан бирини ўпишимни айтишса, кўзимни юмиб чидардим. Буларнинг барчаси менга ёқмасди – бу катталар, уларнинг сўлаги, бегона ҳидлар …Ўсмирлигимда кўп ёлғиз қолишни истардим. Мусиқа тинглаб, кўзгу олдида рақсга тушардим ёки китоб ўқирдим. Лекин хонамнинг эшиги […]

Менинг исмим Ҳуснора, 32 ёшдаман.
28 Aprel 2023
Менинг исмим Ҳуснора, 32 ёшдаман.

Тошкентдан узоқда жойлашган кичик бир шаҳарчада ўсганман. Оилабоши қаттиққўл ота бўлган оилада ўсганман. Сингилларим ундан жуда қўрқишар ва мен дадамга хотиржамлик билан эътироз билдиришимга доим ҳайрон бўлишарди. Биз ҳар куни уй ва боғда ишлардик: ёғоч полларни қўлда ювардик, бармоқларимиз доимо қавариб кетарди. Эрталаб мактаб олдидан мол боқиш учун кетардик, дарсдан кейин қафас ва катакларни тозалардик. […]

Tegishli barcha maqolalar
top